Adliya vazirligi tizimida xodimlarga mehnat ta’tillarini rasmiylashtirish jarayoni to‘liq “MinJust HR” – avtomatlashtirilgan tizimi orqali amalga oshirilmoqda.

Xodim keyingi ish yili uchun mehnat ta’tiliga chiqish sanasini muctaqil belgilaydi va ushbu ma’lumotlar asosida tizimda har yilgi ta’tillar jadvali avtomatik ravishda shakllanadi.

Muhim jihat shundaki, ishga qabul qilinganiga olti oy to‘lmagan xodimlarga olti oydan avvalgi muddatni belgilashga hamda ish yili davridan chiqqan holda mehnat ta’tillari kunlarini tanlashga yo‘l qo‘yilmaydi (ish beruvchi va xodim o‘rtasida kelishuvga erishilgan holatlar bundan mustasno).

Adliya vazirligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, ta’tillar jadvali xodimning tizimdagi shaxsiy kabinetida avtomatik ravishda joylashtiriladi va tanishtiriladi.

Ta’til beriladigan vaqt to‘g‘risida ta’til boshlanishidan kamida 15 kun oldin tizim orqali xodimning shaxsiy kabinetiga avtomatik ravishda xabarnoma yuboriladi.

Xodim xabarnoma bilan tanishgandan so‘ng tizimda tegishli bosqichlar belgilanadi va shakllantirilgan ma’lumotlar kadrlar sohasiga mas’ul tarkibiy bo‘linmaga yuboriladi.

Mazkur ma’lumotlar asosida mehnat ta’tili berish haqida buyruq loyihasi avtomatik shakllanadi va kadrlar sohasiga mas’ul tarkibiy bo‘linma tomonidan ish beruvchiga kiritiladi.

Xodim buyruq loyihasi tasdiqlaniga qadar mehnat ta’tiliga chiqish bilan bog‘liq shartlarni o‘zgartirishi va bu jarayonni kuzatib borishi mumkin.

Xodimning mehnat qonunchiligidagi kafolatlari va foydalanilmagan ta’til kunlari bilan bog‘liq ma’lumotlar tegishli axborot resurs bazalaridan integratsiya orqali avtomatik shakllantiriladi (masalan: 18 yoshga to‘lmagan shaxslar; I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar; tarmoq tizimida ko‘p yillik ishlagan davri; 12 yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq bolali xodimlar haqida va boshqa).

Natijada ta’tillarni rasmiylashtirish jarayoni amaldagi 16 ta bosqichdan 4 ta bosqichga, ya’ni 75 foizga qisqaradi. Xodimning foydalangan va foydalanmagan ta’til kunlariga oid aktual reyestr shakllanadi.

Xodimlarning ta’tilga chiqish huquqi to‘liq ta’minlanadi. Byurokratik to‘siqlarga chek qo‘yiladi, inson omili minimal darajaga tushadi.

Ta’tillarni rasmiylashtirish, shu jumladan, ta’tillar jadvali, ma’lumotni yig‘ish, tayyorlash va boshqa ishlarga ketadigan vaqt optimallashadi va bu jarayonning ochiqligi ta’minlanadi.

N.Abduraimova, O‘zA