Ko‘pchilik bananni sevib iste’mol qiladi. Bu meva o‘zining noodatiy ta’miga ega bo‘lib, tarkibi kaliy, S va V6 vitaminlariga boy. Banan dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlarida yetishtiriladi. Shifobaxsh xususiyatlari shundaki, yurakni barqaror ushlab turishga yordam beradi.

Qondagi shakar miqdorini nazorat qilib, insulinning tarqalishini to‘xtatadi. Tarkibidagi S vitamini kuchli antioksidant hisoblanadi va infeksiyalarga qarshi kurashadi. V6 vitamini esa qondagi glyukoza miqdorini normallashtiradi va asab tizimini tinchlantiradi.

Banan dastlab Afrika, Osiyoning tropik va subtropik zonalari hamda Malayya arxipelagida yetishtirilgan. Hozirda asosan Lotin Amerikasi mamlakatlarida o‘stiriladi. Sayyora bo‘ylab  yiliga 113 million 212 ming 452 tonna banan yetishtiriladi. Braziliya, Hindiston, Xitoy, Indoneziya, Filippin, Ekvador singari davlatlar ushbu meva eksporti orqali juda katta daromad oladi. Eng yirik banan ishlab chiqaruvchi Hindiston yiliga 29 million 124 ming tonnagacha hosil oladi. Tahlillarga ko‘ra, ko‘pgina mamlakatlarda banan eng qimmat mahsulotlar qatoriga kiradi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati tomonidan ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda ham iqlimga moslab banan yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlar bor.

Garchi respublikamizda ko‘p miqdorda banan, mango, papaya kabi mevalar yetishtirilmasada, ular tajriba tariqasida ekilayotgan yer maydonlaridan yaxshi hosil olishga erishilgan. Banan issiqsevar meva, sovuqqa chidamsiz. Shu bois, uni yetishtirishda harorat 10 gradusdan tushishi kerak emas. Suvni juda yaxshi ko‘radi. Mevasi gullaganidan keyin, taxminan 3 oylarda pishib yetiladi. Har bir guldan 200-300 tagacha banan mevasi yetiladi. Avval banan mevasining shakli to‘ppa-to‘g‘ri bo‘ladi. Keyin mevalari quyoshga intilib borishi natijasida yarim oy shakliga kiradi. Bananning poyasi, ya’ni shox-shabbalari daraxtniki singari baquvvat bo‘lmaydi, shu bois soniyasiga 25 metrdan ortiq tezlikda esgan shamol butun bananzorni 1 daqiqaga qoldirmay payhon qilishi mumkin.

Banan ko‘chati chetdan eksport qilinganida donasi 3,4,5 dollargacha narxlanishi mahsulotning tannarxi oshishiga sabab bo‘lgani bois, Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti “Biotexnologiya” laboratoriyasida “invitro” sharoitida mahalliy iqlimga mos banan ko‘chatlarini ko‘paytirish ishlari boshlab yuborilgan.

Joriy yilda yurtimizga xorijdan qiymati 85,2 million AQSH dollariga teng bo‘lgan qariyb 120 ming tonna banan import qilingan.

Eng ko‘p banan import qilgan davlatlar:

— Ekvador – 117,5  ming tonna

— Turkiya  – 639 tonna

— Xitoy – 474 tonna

— Qozog‘iston – 375 tonna

— Gruziya – 231 tonna

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA