O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Bosh prokuror N.Yo‘ldoshev raisligida o‘tgan yig‘ilishda  komissiya va ishchi guruh a’zolari ishtirok etdi.

Komissiya va ishchi guruh tarkibida Oliy sud, Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Yoshlar siyosati va sport vazirliklari, Mahalla institutini rivojlantirish departamenti, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Musulmonlar idorasi rahbar xodimlari, DXX va Bosh prokuraturaning tegishli boshqarma va tarmoq boshliqlari hamda mas’ul xodimlari bor.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbarining 2018 yil 19 sentyabrdagi “Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi haqida so‘z yuritildi.

Farmon ijrosi yuzasidan taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan fuqarolarni jinoiy javobgarlikdan ozod etish haqida taqdim etilgan murojaatlar ko‘rib chiqildi.

Xususan, 18 murojaat o‘rganib chiqilib, komissiyaning muhokamasiga taqdim etilgan.

Komissiya tomonidan har bir murojaat batafsil ko‘rib chiqilib, natijasi bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinishi ta’minlandi.

N.Abduraimova, O‘zA