O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Paxta xomashyosini yetishtirish va paxta yig‘im-terimi xarajatlarini kreditlash hamda ularni realizatsiya qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra: paxta xomashyosini yetishtirish va paxta yig‘im-terimi xarajatlarini hamda paxta xomashyosini xarid qilishning yakuniy hisob-kitobini kreditlash;

paxta xomashyosini birja savdolari orqali sotishni tartibga solish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Paxta xomashyosini yetishtirish va paxta yig‘im-terimi xarajatlarini hamda paxta xomashyosini xarid qilishning yakuniy hisob-kitobini kreditlash to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq, paxta xomashyosi uchun e’lon qilingan narx asosida moliya yilidan oldingi yilning 1 oktyabrigacha (2024 yil hosili uchun 2024 yil 1 fevralgacha) paxta xomashyosini yetishtiruvchilar va paxta-to‘qimachilik klasterlari o‘rtasida fyuchers shartnoma tuziladi.

Jamg‘armaning kredit resurslari hisobidan tijorat banklari tomonidan paxta xomashyosini yetishtiruvchilarning paxta xomashyosini yetishtirish va paxta yig‘im-terimi xarajatlarini hamda paxta xomashyosini xarid qilishning yakuniy hisob-kitobi uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Bunda paxta xomashyosini yetishtirish xarajatlari uchun ajratiladigan kreditlarning miqdori agrotexnik tadbirlar uchun zarur bo‘ladigan mineral o‘g‘itlar, yonilg‘i-moylash materiallari va kimyoviy vositalarning narxlar dinamikasini tahlil qilib, shuningdek, agrotexnik xaritalardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Jamg‘arma tomonidan oyma-oy belgilanadi.

Paxta xomashyosini yetishtirish xarajatlarini kreditlash agrotexnik tadbirlarning muddatlariga muvofiq tegishli moliya yilidan oldingi yilning 1 oktyabridan moliya yilining 1 sentyabriga qadar amalga oshiriladi.

Paxta xomashyosini birja savdolari orqali sotishni tartibga solish to‘g‘risidagi NIZOMga muvofiq sotuvchi tomonidan paxta xomashyosi ichki bozorda muayyan hududdagi (viloyatdagi) paxta-to‘qimachilik klasteriga birja orqali fyuchers shartnomasi asosida hamda fyuchers shartnomasidan ortiqcha hajmda yoki to‘liq o‘z mablag‘i yoki tijorat krediti hisobidan yetishtirilgan paxta xomashyosi yoki paxta xomashyosini tegirmon usulida qayta ishlash natijasida olingan birlamchi va ikkilamchi mahsulotlar (tola, chigit, lint, o‘lik paxta) barcha xaridorlarga birja savdolari orqali erkin sotiladi.

Fyuchers shartnomasidan ortiqcha hajmda yetishtirilgan paxta xomashyosi yoki uni qayta ishlash natijasida olingan birlamchi va ikkilamchi mahsulotlarni (tola, chigit, lint, o‘lik paxta) sotuvchi tomonidan to‘g‘ridan- to‘g‘ri fyuchers shartnomasi tuzgan xaridorga sotish shartnomasi birjaning axborot portalida tuziladi va ushbu shartnoma bo‘yicha to‘lovlar birjaning hisob-kitob-kliring operatsiyalarini o‘tkazish (to‘lov hujjatlariga muvofiq pul o‘tkazish) qoidalari asosida amalga oshiriladi.

Birja xaridorning sotuvchiga paxta mahsulotlari uchun amalga oshirgan to‘lovlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan tizim orqali soliq organiga taqdim etib boradi.

Sotuvchi har yili 1 noyabrdan boshlab 31 dekabrgacha (2024 yil uchun 2024 yil 1 fevralgacha) kelgusi yil uchun paxta xomashyosini o‘zining hududidagi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoki tegishli viloyat hududida joylashgan) paxta-to‘qimachilik klasteriga sotish bo‘yicha standart birja kontraktini ochish uchun birjaga ariza bilan murojat qiladi.

O‘zA