Futbol, tennis, qilichbozlik, shaxmat kabi sport turlariga millionlab sport ixlosmandlari qiziqish bildiradi. Bugungi sport xabarlarimiz aynan ushbu sport turlariga oid yangiliklardan iborat bo‘ladi.

Qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi yetakchilari – yakkalik dasturda “Parij-2024” yo‘llanmasi uchun kurash olib borayotgan Zaynab Dayibekova, Sherzod Mamutov hamda Musa Aymuratov Vengriyaga yo‘l oldi. Hamyurtlarimiz ushbu davlatda xalqaro o‘quv-yig‘in mashg‘ulotida ishtirok etadi.

Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi taqvimiga ko‘ra, Budapesht 6-7-yanvar kunlari yoshlar o‘rtasidagi Jahon kubogi bosqichiga mezbonlik qiladi. Mazkur musobaqa doirasida M.Aymuratov o‘z omadini sinab ko‘radi. Vengriya yig‘ini yakuniga yetganidan so‘ng yurtdoshlarimiz 10 yanvar kuni Tunisda o‘tadigan kattalar o‘rtasidagi Gran-pri turniriga yo‘l oladi.

*** 

Bugun, 26 dekabr kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdagi hisobot kongressi o‘tkaziladi. Unda O‘FAning 2023 yilgi faoliyati, amalga oshirgan ishlari, keyingi yilgi rejalar hamda yana qator masalalar muhokama qilinadi. Shuningdek, yakunlanib borayotgan 2023 yilning eng yaxshilarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tadi.

***  

Saudiya Arabistonida legionerlar soni yanada ortishi mumkin. Liga keyingi mavsumdan qaydnomaga 10 nafargacha xorijlik futbolchilarni kiritish imkoniyatini berish variantini ko‘rib chiqmoqda. Bunday qaror klublar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirish va shu orqali chempionat saviyasini oshirish hamda yulduz futbolchilarni yanada ko‘proq jalb qilishga qaratilgan.

Ma’lumot uchun, bu mavsum klublar qaydnomasiga 8 nafargacha xorijlik futbolchilarni kiritishi mumkin. E’tiborlisi, chempionatning 18 jamoasining barchasi ushbu kvotani to‘ldirgan.

***  

Turkiya Superligasi 18-turidan o‘rin olgan “Qosimposho” – “Rizespor” uchrashuvida 2:2 hisobi qayd etildi. Ushbu o‘yinda “Rizespor” safida hamyurtimiz Husniddin Aliqulov bellashuvni asosiy tarkibda boshladi va 35-daqiqada jarohat olib, maydonni erta tark etdi. Ushbu xabarning biz uchun noqulayligi yanvar oyida boshlanadigan Osiyo kubogiga qadar u jarohatdan qutilishi biroz qiyin. Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov ham o‘tgan haftada jarohat olgani va Italiyada jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan edi. Umid qilamizki, ushbu futbolchilarimiz mazkur musobaqada terma jamoamiz safida bo‘lishadi.

***

Tennis bo‘yicha nufuzli turnirlarni tashkilotchisi bo‘lgan “WTA” va “ATP” yangilangan reytingni e’lon qildi. Ushbu reytinglarda Nigina Abduraimova 217-pog‘onadan joy olgan bo‘lsa, Sevil Yuldasheva 1075-o‘rinni egalladi. Erkaklar orasida birinchi raqamli tennischimiz Humoyun Sultonov esa 367-o‘rindan joy oldi. Yosh tennischimiz Sergey Fomin dunyoning 674 raqamli tennischisi, deya  e’tirof etildi

*** 

O‘zbekiston qo‘l jangi federatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan yillik hisobot yig‘ilishida federatsiya raisi, Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor Rustam Jo‘rayev ishtirok etdi. Unda 2024 yilda Buxoro shahrida yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionati o‘tkazilishi e’lon kilindi. Mazkur jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etilishi O‘zbekiston yakkakurash olami yorqin vakili Muzaffar  Rajabovga ishonib topshirildi.

***

Samarqand shahri shaxmatning blits va rapid yo‘nalishlari bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qilmoqda.

Kecha yilning shaxmat olamidagi eng muhim musobaqasi oldidan turli tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, VI jahon chempionatiga bag‘ishlab matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) hamda yurtimiz sporti mutasaddilari musobaqaga ko‘rilgan tayyorgarlik, mamlakatimizda shaxmatni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Matbuot anjumanida O‘zbekiston yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, Xalqaro shaxmat federatsiyasi prezidenti Arkadiy Dvorkovich, rapid va blits bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen hamda rapid bo‘yicha 2021 yilgi jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov ishtirok etib, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

***

Toshkent shahrida boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi O‘zbekiston kubogining yarim final bahslari bugundan boshlanadi. Bahslar 12:00 dan Uchtepa tumanida joylashgan Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida start oladi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA