Ma’lumki, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan muayyan maqsadlarda kredit tashkilotlaridan kreditlar olinadi. Ushbu kredit mablag‘lari tadbirkorlik faoliyatini boshlash va kengaytirishda ko‘pchilik ishbilarmonlarga qo‘l kelmoqda.

Parlament quyi palatasining majlisida muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kredit majburiyatlarini bajarish tartibini takomillashtirish hamda aholining mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ayni masalalarga aloqador.

— Bugungi kunda kredit tashkilotlaridan kredit olgan jismoniy shaxslar va tadbirkorlik sub’ektlari ayrim ob’ektiv sabablarga ko‘ra kredit to‘lovlarini kechiktirgan yoki qisman to‘lagan hollarda, ushbu to‘lovlarning kredit qarzdorligiga so‘ndirish navbati bo‘yicha amaldagi tartibni takomillashtirish zarurati yuzaga kelmoqda, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdialiyev. — Mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga jismoniy shaxslar va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan mikroqarz yoki kredit bo‘yicha amalga oshirilgan to‘lov summasi agar qarz oluvchining majburiyatlarini bajarish uchun yetarli bo‘lmasa, qarz oluvchining qarz majburiyatlarini mutanosib ravishda so‘ndirilishini nazarda tutuvchi tartib belgilanmoqda.

Shuningdek, kredit bo‘yicha qarzdorlikni va hisoblangan foizlarni undirish haqida sudning hal qiluv qarori chiqarilganda, mazkur kredit bo‘yicha foizlar, shuningdek, neustoyka hisoblanishi to‘xtatilishiga oid o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilmoqda.

Bundan tashqari, “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga mikromoliyalashtirish faoliyati deb e’tirof etiladigan mikroqarz berishning eng yuqori miqdorini ellik million so‘mdan yuz million so‘mgacha oshirilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda.

Mikroqarz asosan iste’mol uchun beriladi. Kichik tadbirkorlar ham ushbu imkoniyatdan foydalanib, faoliyat ko‘rsatishmoqda. Uning summasi 50 milliongacha deb belgilangani kichik tadbirkorlarning faoliyatini kengaytirishiga biroz qiyinchilik tug‘dirmoqda. Shuning uchun ham mikroqarz berishning eng yuqori miqdorini ellik million so‘mdan yuz million so‘mgacha oshirish maqsadga muvofiqdir, — dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.

Ushbu tartiblarning joriy qilinishi qarz oluvchilar uchun qulay moliyaviy imkoniyatlar yaratishga hamda mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA