Oilasida o‘zini baxtli his qilgan, hayoti xotirjam ayolning sog‘lig‘i mustahkam, ishida unum, yangi rejalar sari yakdil qadami bo‘ladi. Bu hayotning yozilmagan qonuni. Agar ayollarni qiynayotgan turli muammolar va og‘riqli masalalarga o‘z vaqtida yechim izlanmasa, jamiyat rivojiga salbiy ta’sirini ko‘rsataveradi. Bugun mamlakatimizda ayollarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash davlatimiz rahbarining alohida nazorati ostida.

Barcha jabhalarda xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishi hamda bandligini ta’minlashga ko‘maklashish, tadbirkorlik va boshqa tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, bir so‘z bilan aytganda, ayolning chinakam baxtli yashashi uchun, intellektual va ma’naviy yuksalishi, kasbiy, oilaviy va jamiyat hayotidagi majburiyatlarini hamohang tarzda bajarishi yo‘lida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Xotin-qizlarning muammolariga samarali yechim topish, masalaga kompleks yondashish bo‘yicha turli mexanizmlar joriy etilmoqda. Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida ayollarning sohalardagi ulushi ham ortib bormoqda.

Ma’lumki, fan va gender tenglik 2030 yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish kun tartibida bayon etilgan taraqqiyot maqsadlariga erishishning ajralmas qismidir. Binobarin, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlaridan biri – gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, davlat boshqaruvi tizimida ayollar ishtirokini ta’minlashdan iborat.

O‘zbekiston boshqaruv tizimida ayollar ulushi 33 foizdan oshdi. Yurtimiz bo‘yicha ikki mingga yaqin xotin-qiz turli darajadagi rahbarlik lavozimlarida ishlab kelmoqda.

Jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan, har jihatdan ibratli xotin-qizlarni aniqlash, ularning faoliyatini keng jamoatchilikka yaqindan tanishtirish hamda ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirish maqsadida “Yil ayoli” milliy tanlovini o‘tkazish belgilangan. Tanlov nizomiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan 35 yoshdan yuqori hamda o‘z yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat bilan kamida 5 yil mobaynida uzluksiz shug‘ullanib kelayotgan ayollar, shuningdek, uy bekalari ham ushbu tanlovda ishtirok etishi mumkin.

Xo‘sh, joriy yilda mazkur tanlovning tashkil etilishida shaffoflik qay darajada ta’minlandi? 

– Tanlovning joriy yil 10 noyabr – 7 dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichida jami 1 ming 356 nafar ayol belgilangan 3 ta shart asosida ishtirok etib, natijalarga ko‘ra, respublika bosqichiga 11 ta nominatsiya bo‘yicha 144 ta hujjat taqdim etildi, – deydi Oila va xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, gender tenglikni ta’minlash va xalqaro munosabatlarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i O‘g‘iloy O‘rozova. – 144 nafar xotin-qiz bilan uch kun muddat davomida tegishli tartibda suhbatlar tashkil etildi.

Aslida tanlovning vazifasi nafaqat davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan, har jihatdan ibratli, iste’dodli ayollarni aniqlash, balki ayollar orasida professionallik, ishbilarmonlik, raqobatbardoshlik muhitini shakllantirishga imkon berish va bilim darajasini oshirish uchun zarur shart-sharoit yaratishdan ham iborat.

Tanlovning hududiy bosqichlari ham yuqori darajada tashkil etildi. Tashkiliy qo‘mitalar a’zolari tomonidan tanlovning tegishli bosqich g‘oliblari faoliyati joyiga chiqib o‘rganildi. Har bir bosqichda tegishli Nizomda belgilangan qoidalarga rioya etilishi nazoratga olindi. Shuni alohida qayd etish lozimki, tanlovning barcha bosqichlarida g‘olib bo‘lgan hamda faol qatnashgan ishtirokchilarning hujjatlari Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda hududiy bo‘limlarida 1 yil muddatda saqlanadi.

Tanlov ishtirokchilari hakamlar hay’ati qarori yuzasidan tanlovning har bir bosqichi yakuni bo‘yicha bir kun muddatda hakamlar hay’ati raisi nomiga appelyatsiya shikoyati (ariza) berishi mumkin. Tanlov qonuniylik, oshkoralik, adolatlilik, tenglik kabi asosiy prinsiplarga rioya qilgan holda tashkil etilmasa, respublika va hududiy tashkiliy qo‘mitalarning raislari va a’zolari shaxsan javobgar hisoblanadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA