Davlatimiz rahbari tomonidan IT sohasini yanada rivojlantirish maqsadida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha Raqamli texnologiyalar vazirligi markaziy apparati, tizimdagi korxona, tashkilot va ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokida vazirlik hay’atining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda raqamli texnologiyalar vaziri, hay’at raisi Sherzod Shermatov yil davomida soha korxonalari tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z yuritdi.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2030 yilgacha soha oldiga qo‘yilgan strategiyada 3 ta asosiy maqsad: elektron hukumat reytingida top-30 talikka kirish, eksport hajmini 5 mlrd. dollarga yetkazish, shuningdek, 300 ming nafar yoshni yuqori daromadli ish bilan ta’minlash belgilab berilgani alohida qayd etildi.

Shuningdek, majlisda IT-ta’limni rivojlantirish, soha xodimlarini ingliz tilini bilish darajasi qamrovini oshirish bo‘yicha masalalar muhokama qilindi.

Shu bilan birga, IT xizmatlarini rivojlantirish uchun hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan qamrab olishni tezlashtirish, telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish, 2024 yilda xizmatlar hajmini ikki barobarga oshirish bo‘yicha masalalar ko‘rib chiqildi.

O‘z navbatida, IT xizmatlar eksportini rivojlantirish uchun Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi IT shaharcha loyihasini davom ettirish, 2024 yil yakuniga qadar har bir tumanda shunday shaharcha yaratish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

N.Rahmonova, O‘zA.