“20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” Dasturiga kiritilgan tadbirkorlik sub’ektlariga ular yaratgan yangi ish o‘rinlariga qarab, soliq imtiyozi va preferensiyalari taqdim etish ko‘zda tutilmoqda. Xususan, aylanmadan olinadigan soliqlarni yaratilgan yangi ish o‘rinlari soniga qarab bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati taqdim etilmoqda.

Shuningdek, 2025 yil 1 yanvargacha “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” Dasturiga kiritilgan tadbirkorlik sub’ektlari yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini pasaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘lashi belgilanmoqda.

Ushbu tartiblarni o‘z ichiga olgan “Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora‑tadbirlar belgilangani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi parlament quyi palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida muhokama qilindi.

Partiya elektorati manfaatlari bilan bog‘liq bo‘lgan ushbu qonun loyihasi soliq ma’murchiligini soddalashtirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi normalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashi, aholi bandligi o‘sishiga xizmat qilishi e’tirof etildi.

Muhtarama Komilova, 
O‘zA.