“UzAuto Motors” kompaniyasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, kompaniya sayti kiberhujumga uchragan.

22 dekabr kuni UzAutoSavdo tizimida soat 10:00 dan boshlab qator tashqi ta’sirlar kuzatildi va buning natijasida tizimga murojaatlar soni 1 soniyada 50 000-60 000 ga yetdi.

UzAutoSavdo tizimiga avtomobillar uchun kontraktatsiya boshlangandan so‘ng qilingan davomli kiberhujumlar, avtorizatsiya so‘rovlarini qayta ishlashda muammolarni yuzaga keltirdi. Bu o‘z navbatida, onlayn savdo tizimining to‘liq bloklanishiga olib keldi.

Nosozliklarni bartaraf etish va ishlashini ta’minlash bo‘yicha texnik ishlar amalga oshirildi. Kiberhujumlar o‘rganilib, tergov uchun kerakli tuzilmalarga yuborildi, deyiladi xabarda. Ommabop avtomobillar uchun savdo bugun, soat 14:00dan ochiladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, joriy yilning 22 dekabr kuni Chevrolet Cobalt, Damas va Labo avtomobillari uchun kontraktatsiya ochilgandi. Ammo onlayn tarzda amalda shartnoma rasmiylashtirishning iloji bo‘lmadi. Foydalanuvchilar na sayt, na ilova orqali shartnoma olib bo‘lmayotgani haqida ma’lum qilishgan.

Sh.Mamaturopova, O‘zA