O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “2024 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Unga muvofiq, 2024 yilda quyidagi kunlar qo‘shimcha dam olish kunlari deb belgilandi:

barcha xodimlar uchun (ish haftasining turidan qat’i nazar):

22 mart – juma, 11 aprel – payshanba, 18 iyun – seshanba, 3 sentyabr – seshanba, 31 dekabr – seshanba;

olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun:

2 yanvar – seshanba, 23 mart – shanba, 12 aprel – juma, 31 avgust – shanba, 30 dekabr – dushanba.

Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq:

ishlanmaydigan bayram kunlari hisoblanuvchi “1 sentyabr -O‘zbekiston Respublikasi mustaqillik kuni”, “8 dekabr – Konstitutsiya kuni” bayramlari 2024 yilda yakshanba – dam olish kunlariga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan ushbu dam olish kunlari mos ravishda 2024 yil 2 sentyabr va 9 dekabr – dushanba kunlariga ko‘chirilishi;

bunda ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat ko‘rsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari to‘xtatib qo‘yish mumkin bo‘lmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari ko‘chirilmaydi.

2024 yilda besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun dam olish kunlari quyidagi tartibda ko‘chiriladi:

6 yanvar – shanba kunidan 2 yanvar – seshanba kuniga;

13 aprel – shanba kunidan 12 aprel – juma kuniga;

14 dekabr – shanba kunidan 30 dekabr – dushanba kuniga.

Bayram (ishlanmaydigan) kunlarining uzaytirilishi munosabati bilan respublika aholisining maroqli dam olishi uchun turizm namoyishi ob’ektlari (madaniy meros ob’ektlari, muzeylar) va mehmonxona xizmatlari, sanatoriylar va sog‘lomlashtirish muassasalari, “Uzbekistan Airways” AJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga ichki transport qatnovlari uchun chegirmalar beriladi va aksiyalar o‘tkaziladi.

O‘zA