Poytaxtimizda “Debyut” talaba-yoshlar kinofestivalining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi, O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, Butunrossiya davlat kinematografiya institutining Toshkent filiali hamkorligida “O‘zbek kinosi – yangi nigoh” kino oyligi doirasidagi “Debyut” talaba-yoshlar kinofestivaliga start berilgan edi.

Festivalning yopilishiga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekiston Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov  keyingi yillarda milliy kino san’atini rivojlantirish masalasiga katta ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.

Toshkent xalqaro kinofestivalining qayta tiklangani, yosh ijodkorlarning yangi kinofilmlar suratga olishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani, kinematografiya sohasida moddiy-texnika bazasini yaxshilash, kinochilarning mehnatini munosib qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish yo‘lida yangi imkoniyatlar ochilgani alohida qayd etildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida milliy kino san’atini yanada rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab hayotbaxsh, ibratli tashabbuslarni ilgari surgani milliy kinematografiya hayotida ulkan voqelik bo‘ldi.

Yosh iste’dodlarni kashf etishda, ularning ijodini keng jamoatchilikka atroflicha tanishtirishda bir qator festival va tanlovlar, ijodiy loyihalarning ahamiyati beqiyosdir.

“Yangi O‘zbekiston – tinchlik, ma’rifat, taraqqiyot” shiori ostida bo‘lib o‘tgan ushbu festival doirasida qiziqarli uchrashuvlar, mahorat darslari, ijodiy seminarlar, premeralar bo‘lib o‘tdi.

Kinofestival g‘oliblari ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha maxsus statuetka va esdalik sovg‘alari bilan mukofotlandi. “Eng yaxshi maqola” nominatsiyasida Mirjalol Mahkamov, “Eng yaxshi erkak roli” nominatsiyasida Jamshid Itolmasov, “Eng yaxshi ayol roli” nominatsiyasida Saida Valixo‘jayeva, “Eng yaxshi ssenariy”  nominatsiyasida Sodiq Egamqulov, “Eng yaxshi ovoz rejissyori” yo‘nalishida Avazbek Bobonazarov, “Eng yaxshi operatorlik ishi” nominatsiyasida Janibek Buxarbayev, “Eng yaxshi rejissyorlik ishi” bo‘yicha Mo‘minjon Ismatillo g‘olib deb topildi.

Shuningdek, “Eng yaxshi hujjatli film” nominatsiyasida   Butunrossiya davlat kinematografiya institutining Toshkent filiali talabasi Akromali Abdullayev, “Eng yaxshi animatsion film” nominatsiyasida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat  instituti talabasi Jamshid Atambayev, “Eng yaxshi film” nominatsiyasida  yosh kinorejissyor, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti 4-kurs talabasi Hilola Abdurasulova g‘olib bo‘ldi.

N.Usmonova, O‘zA