25–30 dekabr kunlari Samarqandda shaxmatning blits va rapid yo‘nalishlari bo‘yicha VI jahon chempionati o‘tkazilmoqda.
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) tomonidan 2017 yildan buyon har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan chempionatning bu galgi bahslarida 52 ta mamlakatdan 338 nafar, jumladan, yurimizdan 33 nafar shaxmatchi ishtirok etmoqda. Qatnashchilar orasida dunyo reytingida yuqori o‘rinlarda turgan Magnus Karlsen, Yan Aleksandrovich, Fabiano Karuana, Nodirbek Abdusattorov, Levon Aronyan kabi yetakchi shaxmat yulduzlari, chempionlar borligi VI jahon chempionati nufuzi balandligidan dalolat beradi.
Umumiy sovrin jamg‘armasi 1 million AQSH dollarini tashkil etadigan mazkur jahon chempionati dasturiga shaxmatning blits va rapid yo‘nalishi kiritilgan bo‘lib, FIDE reytingida 2550 (erkaklar) va 2250 (ayollar) reytingidan past bo‘lmagan sportchilar ishtirok etishi belgilangan.
Chempionatning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti Arkadiy Dvorkovich, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi rahbari Alisher Sa’dullayev hamda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov so‘zga chiqib, ishtirokchilarni tabrikladi.
O‘zbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov FIDEning mazkur nufuzli chempionati mamlakatimizda o‘tkazilayotgani yurtimizda keyingi yillarda sportni, jumladan, shaxmatni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi ekanligini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining alohida e’tibori va g‘amxo‘rligi tufayli bugungi kunda mamlakatimizda shaxmat turi ommalashib bormoqda. Buning natijasida sportchilarimiz Osiyo va jahon birinchiliklarida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda.
– Markaziy Osiyo mintaqasida bugungi kunda shaxmatning rivojlanib borishida O‘zbekistonning katta roli bor, – dedi FIDE prezidenti Arkadiy Dvorkovich. – Bu zaminda shaxmat bir necha asrlik tarixga ega. Biz O‘zbekistonning boy shaxmat an’analarini hurmat qilamiz va uning yaqin orada shaxmat bo‘yicha eng kuchli davlatlardan biriga aylanishiga ishonamiz.
Ochilish marosimi davomida badiiy dastur namoyish etildi hamda musobaqalarga qur’a tashlandi.
VI jahon chempionatining rapid yo‘nalishi 26-28 dekabr kunlari 13 turda, blits yo‘nalishi esa 28-30 dekabr kunlari 21 turda bo‘lib o‘tadi.
– Shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tgan yil Qozog‘istonda o‘tkazilgan V jahon chempionatida ilk bor qatnashgandim, – deydi shu yilning noyabr oyida shaxmat bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida chempion bo‘lgan Afro‘za Hamdamova. – Bu musobaqa men uchun tajriba to‘plash uchun imkoniyat bo‘lgandi. Yurtimizda o‘tkazilayotgan chempionatga puxta tayyorgarlik ko‘rdim. Albatta, raqiblar nomdor va juda kuchli. Shunga qaramay musobaqalarda yaxshi ishtirok etib, kuchli o‘nlikka kirishni maqsad qilganman.
VI jahon chempionati oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida xalqaro shaxmat federatsiyasi va yurtimiz sporti mutasaddilari chempionatga ko‘rilgan tayyorgarlik, mamlakatimizda shaxmatni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, matbuot anjumanida rapid va blits bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen hamda rapid bo‘yicha 2021 yildagi jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov ham ishtirok etib, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
G‘olib HASANOV, Alisher ISROILOV (video), Almurod Mamadaminov (surat), O‘zA muxbirlari.