“Qirollik klubi”da faoliyat yuritayotgan murabbiylar O‘zbekistonga olib kelinadimi?
2018-yilning yanvar oyida O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti va O‘zbekiston futbol federatsiyasi 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov Ispaniyaga tashrif buyurib, “Real Madrid” klubi akademiyasi direktori Xulio Ronko bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishgan edi.
Ushbu kelishuvga asosan, bugun 22–may kuni yurtimizga “Qirollik klubi” akademiyasining menejerlari Andres Antonio hamda Xuan Pablo tashrif buyurishdi.
photo5197299539768355020.jpg
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida ispaniyalik mutaxassislar MOQ prezidenti va O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov bilan uchrashdi. Uchrashuvda “Qirollik klubi”ning Real Madrid Foundation Clinic dasturi asosida “Real Madrid”da faoliyat yuritayotgan murabbiylarni O‘zbekistonga olib kelish, ular ishtirokida futbol maktablarimizda mashg‘ulotlar o‘tkazish, futbolchilar bilan ishlash jarayonlari haqida o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashish masalalari muhokama qilindi.
Umid Ahmadjonov Ispaniya futboli bugungi kunda butun jahonda o‘z o‘rniga ega ekanligi, O‘zbekistonda ham Ispaniya futboli andozalari asosida ish olib borish yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi. Shuningdek, “Real Madrid” akademiyasidan tashrif buyuradigan mutaxassislar uchun O‘FA tomonidan barcha shart-sharoitlar muhayyo qilinishi, asosiy maqsad “Qirollik klubi” akademiyasi ish tajribasini o‘rganish, u yerda faoliyat olib borayotgan mutaxassislardan yurtimizda futbolni rivojlantirish borasida tegishli maslahatlar olish ekani ta’kidlandi.
O‘z o‘rnida, Andres Antonio O‘zbekistonga tashrif buyurganidan juda xursand ekanini, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan holda, bu yerda futbolning rivojiga hissa qo‘shishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildi.
Oybek Yunusov