Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida kurash bo‘yicha o‘tkazilgan XIV jahon chempionatida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi Toshkentga qaytib keldi.
Poytaxtimizdagi “Toshkent” temir yo‘l vokzalida terma jamoa a’zolarini kutib olish marosimi tashkil etildi.
Marosimda Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Mudofaa vazirligi, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, O‘zbekiston kurash federatsiyasi va boshqa tegishli tashkilotlarning mutasaddilari, kurash mutaxassislari, murabbiylar, sportchilarning yaqinlari, jurnalistlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Aytish lozim, 50 dan ortiq davlatdan 200 nafardan ziyod sportchi ishtirok etgan jahon chempionatida erkaklar o‘rtasida 7 ta, ayollar o‘rtasida 8 ta medallar jamlanmasi uchun kurash ketgan bo‘lsa, yurtimiz sportchilari 7 ta oltin, 1 ta kumush, 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoada 1-o‘rinni egallagani yuksak g‘alabalarning yorqin ifodasi bo‘ldi.
– Yoshligimdan kurash bilan shug‘ullanaman, jahon chempionatidagi final bellashuvim eng og‘ir musobaqalarimdan biri bo‘ldi, – deydi jahon chempioni Ulbusin Hakimova. – Oltin medal uchun turkmanistonlik kurashchi bilan bellashdim. Turkmanistonlik muxlislar raqibimni qo‘llab turgan vaziyatda uni halol bahosi bilan mag‘lub etdim va jahon chempionligini qo‘lga kiritdim. Chempionlikka erishishimga, eng avvalo, ota-onam, yaqinlarimning qo‘llashi, ustozlarimning to‘g‘ri yo‘nalish berishi va albatta, mamlakatimizda biz sportchilar uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar sabab bo‘ldi, deb o‘ylayman. Bugun yurtimizda sport bilan shug‘ullanaman, yuksak marralarga erishaman, degan yoshlar uchun barcha imkoniyatlar muhayyo etilgan.
Marosimda ta’kidlanganidek, mahoratli sportchilarimiz Pokizaxon Kamoliddinova, Ulbusin Hakimova, Hilola Ortiqova, Jamshid Mamatrahimov, Erkin Qozoqov, Muhsin Hisomiddinov, Chori Zoyirovning oltin medallarga sazovor bo‘lishi, Filura Ergasheva va Umid Esonovning sovrindorlar qatoriga qo‘shilgani xalqimizning kurash maydonidagi muvaffaqiyatidan dalolat.
Eslatib o‘tamiz, XIV jahon chempionatining yakuniy sarhisobiga ko‘ra, umumjamoada Turkmaniston terma jamoasi ikkinchi, Qozog‘iston kurashchilari uchinchi o‘rinni egalladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA