Kelgusi yil Fransiya poytaxti Parij shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlarini yuqori saviyada uyushtirish, jamoalarga kerakli infratuzilmani muhayyo etish, xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rish maqsadida mamlakat Tashqi ishlar vazirligi tashkiliy-protokol masalalariga bag‘ishlangan “Ikkinchi diplomatik brifing” o‘tkazdi.

Tadbirda xorijiy mamlakatlar diplomatik korpus vakillari qatori O‘zbekiston Respublikasi TIV mutaxassislari, tashkiliy qo‘mita rahbariyati ishtirok etdi.

Mezbon tomon bir necha masala bo‘yicha birlamchi ma’lumot taqdim etdi.

Rejaga ko‘ra, Olimpiya o‘yinlarining rasmiy ochilish marosimi 26 iyulda bo‘lib o‘tadi. Sena daryosi bo‘yida tashkil etiladigan tadbirda 600 ming nafarga yaqin mehmon ishtiroki kutilyapti. Olimpiadada 32 sport turi bo‘yicha 15 ming nafar sportchi qatnashishi, 300 mingga yaqin ko‘ngilli (volontyor) jalb etilishi ko‘zda tutilgan.

Musobaqa dunyoning 3,2 milliard aholisiga televizion kanallar orqali namoyish qilinadi, o‘yinlarni yoritish uchun 20 ming nafar atrofida OAV xodimlari ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

O‘yinlarni bevosita tomosha qiladigan muxlislar uchun Fransiyaning o‘zida 13 million kishiga chipta sotilishi kutilyapti. Bugungacha 7 milliondan ziyod chipta egasini topgani mazkur sport bayramiga qiziqish hozirdanoq juda yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.

Olimpiada uchun qurilayotgan 64 ob’ektning 80 foizi tayyor. Tadbirning umumiy byudjeti 40 milliard yevro. Futbol, basketbol, suv sporti turlari bahslarini Marsel va Lill shaharlarida ham o‘tkazish rejalangan. Tashqi ishlar vazirligi protokol xizmati rahbari o‘rinbosari P.Furiya davlat va hukumat rahbarlari bilan bog‘liq protokol masalalari bo‘yicha faqat TIV shug‘ullanishini eslatdi. Ya’ni, ayni masalalarda tashkiliy qo‘mitaga yoki Fransiya Milliy olimpiya qo‘mitasiga murojaat qilishning foydasi yo‘q. Har bir xorijiy delegatsiya uchun TIV protokol xizmati maxsus vakili biriktirilishi aytib o‘tildi.

Fransuz tomoni barcha elchixonalarga yuqori darajadagi shaxslar tashrifini tashkil etish bo‘yicha alohida nota chiqarishini ma’lum qildi. Parij xalqaro aeroportida delegatsiyalarni kutib olish uchun samolyot yoniga avtomashina kelishi imkoni mavjud emasligi bildirildi.

Shuningdek, davlat va hukumat rahbarlari uchun alohida avtomobil ajratilmasligi, xorijiy delegatsiyalar uchun transport vositasi ijara asosida ta’minlanishi va mashina soni 2 tadan oshirmasligi tavsiya etildi.

Delegatsiyalarga Parijda hamrohlik qilish uchun politsiya xizmati safarbar etiladi. Tashkilotchilar fikricha, yuqori darajali delegatsiyalar uchun transport vositasi 2 tadan oshmasligini inobatga olib, biri ko‘p o‘rindiqli ulov bo‘lishi maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi. Transport vositalarini ijaraga olish diplomatik vakolatxona tomonidan amalga oshirilishi va imkon qadar qisqa fursatda rasmiylashtirilishiga e’tibor qaratiladi.

Delegatsiya rahbarlari uchun hozirdan mehmonxona band qilish muhimligi ta’kidlandi.

TIV martabali mehmonlar uchun mamlakatdagi 5 yulduzli “Napoleon”, “Le Fouqetʼs” va “Shateau Fronterac” mehmonxonalarini tavsiya qilmoqda. Mehmonlar xohishidan kelib chiqib, boshqa mehmonxonalarni ko‘rib chiqishi mumkin.

Brifingning uchinchi va to‘rtinchi bosqichi mos ravishda 2024 yilning aprel va iyul oylariga rejalashtirildi.

T.Ro‘ziyev tayyorladi.

O‘zA