Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti va Savdo-sanoat palatasi hamkorligida “Soha korxonalari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashda dual ta’limning o‘rni hamda fan, ta’lim, ishlab chiqarish klasterlarini rivojlantirishda innovatsion yondashuvlar” mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazildi.

Unda Rossiya, Xitoy, Turkiya, Hindiston, Tojikiston, Germaniya, Italiya, Ukraina, Koreya, Fransiya, Pokiston, Qozog‘iston va boshqa ko‘plab davlatlardan oliy ta’lim muassasalari professorlari, tadqiqot institutlari olimlari, mahalliy vazirlik idoralari, nufuzli tashkilot va korxonalar vakillari qatnashdi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2022 yil 28 iyun kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z bordi. Unga asosan davlat rahbari tomonidan yangi o‘quv yilidan boshlab Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida 3- va 4-kurs talabalarini o‘qitishda “dual” ta’lim tizimini joriy qilish, unda haftaning uch kunida institutda nazariy darslar, qolgan uch kunida to‘qimachilik texnoparki va korxonalarda amaliy o‘quv mashg‘ulotlar asosida o‘qitish tizimini joriy qilish vazifasi belgilab berilgan.

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti xalqaro hamkorlik ishlari bo‘yicha prorektor Nodira Shotursunova ta’kidlaganidek, dual ta’lim talabaga ta’limni o‘z yo‘nalishiga mos tashkilotda mehnat qilish bilan birga olib borish imkoniyatini beruvchi tizimdir.

– Bunda talabalar haftaning 3 kunida institutda nazariy bilimlarni, qolgan 3 kunida korxona va tashkilotlarda haqiqiy ish jarayonlarida amaliy ko‘nikmalarni egallaydi. Dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan talaba korxona va tashkilotlarda ishga qabul qilinganda ularga korxona tomonidan malakali ustoz biriktiriladi va oylik maoshi to‘lanadi. Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti shu kunga qadar respublikadagi 200 ga yaqin soha korxonalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan bo‘lsa, 2022/2023 o‘quv yilida dual ta’lim tizimi asosida o‘qitishni tashkil etish uchun Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan 60 ga yaqin korxonalar bilan shartnoma asosida 3-kursdagi 1000 ga yaqin talaba tajriba-sinov tariqasida dual ta’lim shaklida o‘qitildi. Bunda ularning o‘quv rejasidagi mutaxassislik fanlarining o‘rtacha 50 foiz yuklamasi, ya’ni amaliy qismi korxonalarda o‘tilishi yo‘lga qo‘yildi, – dedi N.Shotursunova.

Tadbir doirasida dizayner professor-o‘qituvchilar va talablarning sara asarlarini o‘zida jam etgan modalar namoyishida 30 dan ortiq liboslar namoyishi va xorijiy mehmonlar tomonidan ishlab chiqargan mahsulotlar ko‘rgazmalari tashkil etildi.

Shuningdek, ishtirokchilar“KOR-UZ TEXTILE TECHNO PARK”dagi eng so‘ngi va zamonaviy jihozlar bilan tanishgan mehmonlar soha doirasida tashkil etilgan laboratoriyalar bilan ham tanishdi.

Ayni chog‘da anjuman o‘zining ikkinchi kungi tadbirlarini davom ettirmoqda. Unda to‘qimachilik, yengil sanoat va dual ta’lim tizimi doirasidagi eng dolzarb va istiqbolli mavzular muhokama markazida bo‘ladi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA