“O‘zmilliybank” AJ 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi va bank faoliyatini transformatsiya qilish doirasida mavjud tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, bankning xalqaro maydonda raqobatbardoshligi hamda samaradorligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni amalga oshirmoqda. Bunda shubhasiz, kadrlar malakasi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois xodimlarni yetarli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlariga ko‘maklashish maqsadida Bankning Xodimlar bilan ishlash departamenti tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida o‘quv-seminari tashkil etildi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyat Bosh boshqarmalarining boshqaruvchi o‘rinbosarlari, Kichik va o‘rta biznes departamenti xodimlari hamda mas’ul xodimlari ishtirok etdi. Tadbirda Kichik va o‘rta biznes departamenti boshqaruvchi direktori Dmitriy Mixaylov ishtirok etib, biznesni rivojlantirish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, Bank mahsulotlarini sifatli va muvaffaqiyatli sotuvini amalga oshirish hamda eng asosiysi, mijozlarga yuqori sifatli xizmat turlarini taklif etish yuzasidan ma’lumotlar berdi.

Seminar davomida bankning hududiy boshqarmalaridan ishtirok etayotgan Bank mutaxassislari so‘zga chiqib, o‘zlarining natijalarga asoslangan ko‘rsatkichlari va erishilgan natijalarini tahlil qildi. Shuningdek, rahbar va xodimlarning samaradorlik ko‘rsatkichlarini oshirib borish va ijobiy natijalarga erishish usullari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. O‘quv-seminarga 50 nafardan ortiq xodimlar jalb etildi. Ahamiyatlisi, o‘rtaga tashlangan ijobiy natijalarni amaliyotga tatbiq etish borasida kerakli xulosa qilindi.

“O‘zmilliybank” AJ  

Matbuot xizmati