Ma’lumki, mamlakatimizda eksportni rag‘batlantirish va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning “Tadbirkorlik sub’ektlarining eksport salohiyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2022 yil 1 noyabrdan bir eksport shartnomasi doirasida kelib tushmagan valyuta summasi eksportga yuklangan jami mahsulot narxining 5 foizidan oshmagan taqdirda muddati o‘tgan debitor qarzdorlik hisoblanmasligi va tadbirkorlik sub’ektiga jarima qo‘llanilmasligi belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturi doirasida eksportchi korxonalarga nol darajali QQS stavkasi qo‘llanilishi natijasida hosil bo‘lgan soliqning oshib ketgan qismi tezlashtirilgan tartibda to‘liq qaytarib berilishi, eksport hajmidan kelib chiqqan holda 5 million dollargacha moliyaviy resurslar ajratilishi, xalqaro standartlarni joriy qilish va sertifikat olish uchun moliyaviy yordamlar taqdim etilishi yo‘lga qo‘yilgan. Bu o‘z navbatida, eksport ko‘rsatkichlarini yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Prezidentimizning joriy yilda tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da yuqoridagi dasturni kengaytirish, dastur doirasida korxonalar sonini 500 taga yetkazish, eksportchi korxonalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni izchil davom ettirish, ular moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berilgan edi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida esa milliy iqtisodiyotning eksport potensialini kuchaytirish va uning tarkibida qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan mahsulotlar ulushini yanada oshirish bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.

Yuqorida belgilangan vazifalar doirasida joriy yilning 9 oyida jahon bozorlari va logistikadagi murakkabliklarga qaramay mahsulotlar eksporti (maxsus eksportsiz) 12 milliard dollarni, o‘sish 106,1 foizni tashkil etgan. Eksport faoliyatiga 2002 ta yangi korxona jalb etilib, ular tomonidan 700 million dollarlik mahsulotlar eksport qilingan. Eksport faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 515 milliard so‘m moliyaviy yordam ko‘rsatilgan.

Shu bilan birga, eksportchi korxonalarga ko‘rsatilayotgan tashkiliy-moliyaviy yordam berish tizimini takomillashtirish, mahalliy korxonalarga mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarishda doimiy maslahat ko‘magi ko‘rsatib borish, eksport ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha muammolar tahlili va ularga yechim izlash ishlarini izchillik bilan jadallashtirish zaruriyati mavjud.

Xususan, “Yangi O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturining bosqichma-bosqich 200 ta eksportchi korxonalarni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash va ularni rag‘batlantirish orqali amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan. Lekin hozirgi kunda dasturga kiritilgan va moliyaviy yordamlardan foydalanish imkoniyatiga ega eksportyor korxonalar soni 114 tani tashkil etmoqda.

Bundan tashqari, potensial eksport bozorlarini aniqlash, mahalliy eksportyor korxonalarning mavjud nisbiy ustunliklardan foydalanish darajasini oshirish, Yevropa davlatlariga GSP+ tizimi doirasida tayyor mahsulotlar eksportini kengaytirish bo‘yicha 6200 turdagi mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanilyapti deb bo‘lmaydi.

Mazkur yo‘nalishlardagi mavjud holatdan kelib chiqib, parlament quyi palatasining majlisida Bosh vazir o‘rinbosari J.Xo‘jayevga “Eksport qiluvchi tashkilotlarga moliyaviy yordam ko‘rsatish, “Yangi O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturini bajarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berish haqida parlament so‘rovi yuborildi.

 

M.Komilova,  

O‘zA