Bugun kundalik hayotimizni internetsiz tasavvur qilish qiyin bo‘lib bormoqda. Axborot asrida kundalik xabar va yangiliklarga bo‘lgan ehtiyojimiz, qolaversa, ish tartibimiz ushbu global tarmoqdan foydalanishni taqozo etmoqda. Shu bois yangilangan Bosh qomusimizda ham aholini internet tarmog‘i bilan qamrab olish masalasi ilk bor o‘z ifodasini topdi.

Xo‘sh, ayni paytda mamlakatimiz hududlarini, aholi punktlarini internet tarmog‘i bilan ta’minlash borasida qanday ishlar olib borilmoqda?

Raqamli texnologiyalar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, aholi punktlarini mobil aloqa va internet bilan qamrov darajasini yaxshilash bo‘yicha yil boshidan 5 000 tadan ortiq tayanch stansiyalar o‘rnatilgan va modernizatsiya qilingan. Natijada respublika bo‘yicha mobil aloqa qamrovi darajasi 99 foizga, keng polosali mobil internet qamrovi 98,5 foizga, xalqaro ahamiyatga ega avtoyo‘llarning mobil internet bilan qamrov darajasi 75 foizga yetkazilgan.

Aholining internetga ulanishi qamrovini oshirish, optik tolali aloqa liniyalari qamrovini kengaytirish maqsadida joriy yil boshidan hozirgi kungacha qo‘shimcha 50 ming km. optik-tolali aloqa liniyalarini qurish orqali ularning umumiy uzunligi 220 ming km.ga yetkazilgan. Respublika bo‘ylab aholi punktlarini optik tolali aloqa liniyalari bilan qamrovi 88 foizga yetkazilgan. 2023 yilning yakuniga qadar aholi punktlarini internet bilan qamrab olish 99 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Bugungi kunda xalqaro Cable.co.uk saytining Internet arzonligi yuzasidan tuzilgan reytingida O‘zbekiston simli internet arzonligi bo‘yicha 219 ta davlat ichida 25-o‘rinni (o‘rtacha Internet narxi 15,48 AQSH dollari) hamda mobil internet arzonligi bo‘yicha 233 ta davlat ichida 22-o‘rinni (o‘rtacha Internet narxi 0,30 AQSH dollari) egallab turibdi.

Respublika bo‘yicha barcha ijtimoiy soha ob’ektlari, jumladan 10 ming 271 ta xalq ta’limi, 6 ming 539 ta maktabgacha ta’lim, 3 ming 920 ta sog‘liqni saqlash, 9 ming 403 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari hamda 5 ming 583 ta militsiya tayanch punktlari yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati bilan ta’minlangan. Wi-Fi texnologiyasi yordamida jamoat joylarida simsiz keng polosali tarmoqlarni kengaytirish maqsadida jami Wi-Fi nuqtalar soni 7 ming 81 taga yetkazilgan.

Ushbu ma’lumotlar raqamli texnologiyalar vaziri Sh.Shermatovga yuborilgan Qonunchilik palatasining parlament so‘roviga berilgan javobda qayd etilgan. Parlament so‘roviga kelgan javob kuni kecha Qonunchilik palatasining majlisida atroflicha muhokama qilindi.

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA