Istanbulda Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot-kommunikatsiyalar departamenti tashabbusi bilan Strategik kommunikatsiyalar xalqaro sammiti bo‘lib o‘tdi. Bu yil uchinchi bor o‘tkazilgan sammit “Gibrid tahdidlarga qarshi global kurash: barqarorlik, xavfsizlik, birdamlik” shiori ostida tashkil etildi.

Sammitning birinchi kunida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an tadbir ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi. Xususan, Turkiya yetakchisi o‘z nutqida dunyodagi mavjud geosiyosiy beqarorlikka alohida to‘xtaldi.

– Keyingi paytlarda boshimizdan kechirgan voqealar bizga eslatgan eng muhim masala strategik aloqaning ahamiyatidir. Urush, to‘qnashuv, hujum va mudofaa faqatgina jang maydonlarida emas, media makonda ham avj olayotganini hammamiz ko‘rdik va ko‘ryapmiz, – dedi Rejep Tayyip Erdog‘an.

Turkiya Prezidenti, shuningdek, sammit qatnashchilarini inson huquq va erkinliklarini poymol qilishga qaratilgan har qanday dezinformatsiyaning halokatli oqibatlariga qarshi birgalikda kurashishga chaqirdi.

Mazkur nufuzli tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida bo‘lgan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ham ishtirok etdi.

Sammitning “Strategik kommunikatsiyalarning yangi dilemmalari: axborot xavfsizligi va shaffoflik” mavzusiga bag‘ishlangan sessiyasi Eldor Tulyakov moderatorligida bo‘lib o‘tdi, deyiladi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Axborot xizmati ma’lumotida.

Unda axborotni manipulyatsiya qilish bo‘yicha mamlakatlar tajribalari ko‘rib chiqilib, kiberhujumlardan himoyalanish masalalari muhokama qilindi.

Sammitda so‘zga chiqqan Turkiya Prezidenti huzuridagi Axborot-kommunikatsiyalar departamenti direktori Faxretdin Altun mazkur sammitning gibrid tahdidlarga qarshi kurashdagi ahamiyatiga to‘xtaldi. Faxretdin Altun gibrid tahdidlarni bugun dunyoda raqobat, kurash va urushning yangi usullari, deb atadi. Unga qarshi turish uchun birinchi navbatda milliy xavfsizlik va mudofaa mexanizmlarini isloh qilish, moslashuvchan, ko‘p qirrali kurash strategiyalarini ishlab chiqish kerakligi haqida gapirdi.

–Dezinformatsiya yolg‘on ma’lumotlarning ko‘payishi va haqiqat inqiroziga sabab bo‘lmoqda. Eng yomoni, haqiqat inqirozi bugungi kunda xalqaro maydonda yaqqol sezila boshlagan demokratiya inqirozini keltirib chiqaradi, – dedi Faxretdin Altun.

Uning ta’kidlashicha, “gibrid tahdidlar” birinchi galda “proksi urushlar”, “siyosiy manipulyatsiyalar”, “iqtisodiy bosim elementlari”, “xalqaro huquqni manipulyatsiya qilish”, “terrorizm”, “kiber hujumlar” kabi tushunchalarni nazarda tutadi. O‘z navbatida Faxretdin Altun Turkiya strategik kommunikatsiyalar sohasida o‘zaro hamkorlikning global markaziga aylanish choralarini ko‘rayotganini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, Turkiya tashqi ishlar vaziri Fidan Xoqon o‘z nutqida bugungi kunda urush va tinchlik o‘rtasidagi chegara tobora noaniq bo‘lib borayotganini ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan, u dezinformatsiyaga qarshi kurashish uchun strategik aloqalar zarurligini, bu yo‘lda barcha sa’y-harakatlarni birlashtirish kerakligini aytdi.

Ikki kun davom etgan sammitda strategik kommunikatsiyalar sohasidagi dolzarb masalalar muhokama qilinib, 50 dan ortiq mamlakatdan tashrif buyurgan siyosatchi va ekspertlar dunyo davlatlarining axborot siyosati va dezinformatsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirib kelayotgan siyosati bo‘yicha fikr almashdi.

Jumladan, “Gibrid tahdidlarning yangi jabhalari”, “Gibrid inqirozlarda muloqotdagi qiyinchiliklar”, “Haqiqat prizmasidagi voqelik: gumanitar inqiroz va mojarolarni fosh etish”, “Yangi mojaro zonalari: XXI asr inqirozlari va ziddiyatlar” kabi mavzularda 9 ta panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

 

Abdulaziz RUSTAMOV,

O‘zA