Osiyo va Yevropa qit’asida kuni kecha Chempionlar ligasining guruh bosqichi doirasida bir qator o‘yinlar o‘tkazilganidan xabaringiz bor. O‘zbekistonlik futbol ixlosmandlari OCHL guruh bosqichidagi “Navbahor” va “Paxtakor” klublarining o‘yinini katta qiziqish bilan kuzatgani shubhasiz.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichi 5-turi doirasida o‘tkazilgan “Al-Ayn” – “Paxtakor” va “Navbahor” – “Al-Hilol” to‘qnashuvi ko‘p masalalarga oydinlik kiritdi.

Sharhimizni dastlab quvonchli xabar bilan boshlaymiz. O‘zbek futbolida kambek qilish urfga aylanmoqda. Gap shundaki, “Paxtakor” ham terma jamoamiz va “Nasaf” kabi o‘yinning birinchi bo‘limida mag‘lub bo‘lib, ikkinchi bo‘limda g‘alabani ilib ketdi.

Mamlakatimiz chempioni safarda “Al-Ayn”ga qarshi o‘tkazilgan o‘yinning 18-daqiqasida o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yubordi. Ushbu golga Eysa Xalfan mualliflik qildi. Ushbu vaziyatni to‘g‘ri baholagan vakillarimiz ikkinchi bo‘limda o‘yin tizginini qo‘lga olib, yakunda 1:3 hisobida g‘alaba qozondi. Vakillarimiz safida gollarga Hojimat Erkinov (dubl) va Dragan Cheran mualliflik qildi. Shuningdek, D.Cheran o‘z nomiga 2 ta assist ham yozdirib qo‘ydi.

Shu tariqa “Paxtakor” ochkolari sonini 7 taga yetkazib oldi va guruhda 2-o‘rinni band etib turibdi. “Al-Ayn” hisobida esa 12 ochko mavjud va ular birinchi pog‘onadan joy olgan. Guruhda “Al-Fayha” esa 6 ochko bilan uchinchi, “Axal” esa 4 ochko bilan to‘rtinchi pog‘onada bormoqda.

Shunday bo‘lsa-da, “sherlar”ning guruhdan chiqish imkoniyati biroz kam. Sababi, ular o‘z mintaqasidagi ikkinchi o‘rinlar orasida eng yomon natijani qayd etib turibdi. Biroq, umid hali saqlanib qolgan.

Darvoqe, “Al-Ayn” va “Paxtakor” uchrashuvida 2 ta assist va 1 ta golni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan D.Cheran “SofaScore” talqiniga ko‘ra 9 ball olib o‘yinning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. “Paxtakor” “A” guruhidagi so‘nggi uchrashuvni 5 dekabr kuni Toshkentda “Al-Fayha”ga qarshi o‘tkazadi.

Endi muxlislarimizning ko‘nglini xira qilgan “Navbahor” – “Al-Hilol” uchrashuvi haqida to‘xtalib o‘tamiz. Afsuski, bu o‘yinda “Navbahor” imkoniyatni boy berdi. Mehmonlar safida gollarga Malkom va Dovsari mualliflik qildi.

Shu tariqa, “D” guruhida “Navbahor” ochkolari soni 10 taligicha qoldi va guruhda ikkinchi o‘rinni band etib turibdi. “Al-Hilol” hisobida esa 13 ochko mavjud va ular birinchi pog‘onadan joy olgan.

Shuningdek, “Nassaji Mozandaron” 6 ochko bilan guruhda uchinchi o‘rinda bormoqda. So‘nggi o‘rinda esa “Mumbai siti” bormoqda.

Mag‘lubiyatga qaramay, “Navbahor” o‘z guruhida ikkinchi o‘rinni olishi aniq bo‘lib ulgurdi. Endi ular 4 dekabr kuni safarda “Mumbai siti” bilan o‘yin o‘tkazadi.

Yevropa chempionlar ligasi sharhi

Yevropa chempionlar ligasi guruh bosqichida ham 5-tur o‘yinlari o‘tkazildi va unda kutilmagan natijalar ham qayd etildi.

Liganing “o‘lim guruhi” deya e’tirof etilgan “F” guruhida “Milan” o‘z maydonida kutilmaganda “Borussiya”ga 1:3 hisobida yengildi. “PSJ” esa “Nyukasl” bilan 1:1 hisobida durangga imzo chekdi.

Mazkur uchrashuvlar natijasidan so‘ng, guruhda “Borussiya” muddatidan avval pley-off yo‘llanmasini naqd qilgan bo‘lsa, oxirgi tur oldidan qolgan uch jamoa ham ikkinchi o‘rin bilan guruhdan chiqish imkoniyatini saqlab qoldi. Aniqrog‘i, “PSJ” ochkolari sonini 7 taga yetkazib oldi va ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. “Nyukasl” va “Milan” esa 5 ochko bilan uchinchi hamda to‘rtinchi pog‘onadan o‘rin oldi.

“H” guruhida “Barselona”  Kataloniyada “Portu”ni yengdi. Dastlab, 30-daqiqada Pepe hisobni ochgan bo‘lsa, Kataloniya klubi Kanselu hamda Feliks tomonidan kiritilgan gollar evaziga hisobni 2:1 ko‘rinishga keltirdi. Hisob o‘yin yakuniga qadar o‘zgarmadi. Bu guruhning ikkinchi o‘yinida “Shaxtyor Donetsk” 1:0 hisobida “Antverpen”ni taslim qildi.

Hozirda Xavi shogirdlari ochkolari sonini 12 taga yetkazib olib, pley-off yo‘llanmasini naqd qildi. “Portu” va “Shaxtyor Donetsk” esa 9 ochko to‘plagan holda ikkinchi o‘rin uchun kurash olib boradigan bo‘ldi.

Chempionlar ligasining “E” guruhida ham qiziqarli bahslar bo‘lib o‘tdi. “Latsio” – “Seltik” bahsi mezbonlar foydasiga 2:0 hisobida hal bo‘ldi. “Feyenord” va “Atletiko Madrid” uchrashuvida mehmonlar 1:3 hisobida g‘alabaga erishdi.

Ushbu natijalardan so‘ng guruhda “Atletiko Madrid 11 ochko bilan karvonboshilik qilayotgan bo‘lsa, “Latsio” 10 ochko to‘plagan holda ikkinchi, “Feyenord” esa 6 ochko bilan uchinchi o‘rindan joy olgan. “Seltik” 1 ochko jamg‘argan holda navbatdagi bosqichdan umidini uzdi.

“G” guruhida yaqqol ustunlik qilayotgan “Manchester Siti” o‘zining eng yaqin ta’qibchisi “Leypsig”ni 3:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, “Yang Boyz” o‘z uyida 2:0 hisobida “Srvena Zvezda”ni dog‘da qoldirdi.

Hozirda so‘nggi tur oldidan “Manchester Siti” 15 ochko to‘plagan holda pley-off bosqichiga yo‘l olgan bo‘lsa, “Leypsig” 9 ochko bilan ikkinchi o‘rinda turibdi. “Yang Boyz” so‘nggi uchrashuvdagi g‘alabadan so‘ng 4 ochko ega bo‘ldi. “Srvena Zvezda” esa 1 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinni egalladi.

Shunday qilib, hozirda muddatidan avval musobaqaning pley-off bosqichiga “Atletiko”, “Barselona”, “Borussiya D”, “Latsio”, “Manchester Siti”, “Bavariya”, “Inter”, “Real Sosedad”, “Real” va “Leypsig” klublari chiqdi.

Bugun tunda Yevropa chempionlar ligasining 5-tur uchrashuvlari davom ettiriladi.

Quyida bugun bo‘lib o‘tadigan o‘yinlar bilan tanishasiz:

“Galatasaray” – “Manchester Yunayted”, “Bavariya” – “FK Kopengagen”, “Sevilya” – “PSV”, “Arsenal” – “Lans”, “Real Madrid” – “Napoli”, “Braga” – “Union”, “Benfika” – “Inter”, “Real Sosedad” – “Zalsburg”.

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA