Joriy yilning 21-29 noyabr kunlari poytaxtimizdagi “Universal” sport saroyida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida mamlakat chempionati o‘tkazildi. Ushbu musobaqa O‘zbekiston yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, mamlakatimiz boks federatsiyasi tomonidan tashkil etildi.

Undan maqsad yurtimizda havaskor boksni yanada ommalashtirish va bu orqali iqtidorli sportchilarni saralash hamda terma jamoa safiga yangi nomlarni qo‘shish.

O‘zbekiston chempionatida xotin-qizlar 12 vaznda, erkaklar esa 13 vazn toifasida medallar uchun kuch sinashdi.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, ayollar boksi bo‘yicha o‘tgan bellashuvlarda 12 ta oltin, 12 ta kumush va 24 ta bronza medali o‘z egalariga topshirildi. Musobaqa davomida Jizzah viloyati vakillari 4 oltin, 1 kumush va 5 bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin esa 2 oltin va bittadan kumush hamda bronza medal jamg‘argan Farg‘ona viloyati jamoasiga nasib qildi. Kuchli uchlikni buxorolik charm qo‘lqop ustalari bittadan oltin va kumush hamda uch bronza medal jamg‘argan holda yakunladi.

Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda 13 oltin, 13 kumush hamda 26 bronza medali sohiblari aniqlandi. Umumjamoa hisobida esa jizzaxlik bokschilar 5 ta oltin, 2 ta kumush, 5 bronza jami 12 ta medal jamg‘argan holda barcha jamoalarni ortda qoldirgan bo‘lsa, farg‘onaliklar 5 oltin, 2 kumush, 1 bronza bilan ikkinchi, Toshkent viloyati jamoasi esa 3 ta oltin, 2 ta kumush va 5 bronza medalini qo‘lga kiritib, shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.

Shuni ta’kidlash lozimki, musobaqa g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan medal va pul mukofotlari bilan  rag‘batlantirildi.

Shuningdek, mamlakat birinchiligining eng yaxshilari aniqlandi. Unga ko‘ra, musobaqaning eng yaxshi hakami Baurjan Joldasev, “Eng yaxshi ayol bokschi” Farzona Fozilova, “Eng yaxshi erkak bokschi”  To‘rabek Habibullayev deb topildi va tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.

Bir so‘z bilan aytganda har bir sport turida mamlakat chempionati juda muhim musobaqa hisoblanadi. Sababi, ushbu chempionatda o‘zini ko‘rsatgan yosh sportchilar kelgusida terma jamoamiz safida xalqaro turnirlarda yanada yorqinroq porlaydi.

Darhaqiqat, bugun Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov, Shahram G‘iyosov, Bektemir Meliqo‘ziyev, Isroil Madrimov, Murodjon Ahmadaliyev kabi yuksak marralarni zabt etayotgan charm qo‘lqop ustalari ham bundan bir necha yillar oldin mamlakat miqyosidagi musobaqalarda toblangan. Umid qilamizki, bu yilda kashf etilgan yangi nomlar ham o‘z akalari kabi jahon va qit’a chempionatlari hamda Olimpiya o‘yinlari shohsupasiga ko‘tariladi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA