So‘nggi yillarda milliy huquq tizimini tubdan isloh qilish, jamiyatda huquqiy madaniyatni shakllantirish hamda aholining huquqiy savodxonligini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Birgina Adliya vazirligining ijtimoiy tarmoqlari orqali bugungi kunda umumiy hisobda 350 ming nafar obunachilar qonunchilikdagi yangiliklardan tezkor xabardor bo‘lib keladi…

Bundan tashqari, joriy yilning 5 dekabr kuni aholining huquqiy savodxonligini yanada oshirish maqsadida hududlar bo‘ylab huquqiy aksiya o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 28 noyabr kuni Adliya vazirligi tomonidan Aholiga qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini yetkazish va Konstitutsiya kuni arafasida tashkil etilayotgan tadbirlar mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, “Adliya huquqiy marshi” shiori ostida tashkil etilayotgan mazkur huquqiy aksiya Shayxontohur tuman adliya bo‘limidan boshlanib, Sayilgoh ko‘chasida yakunlanadi. Huquqiy marsh davomida aholiga turli sayyor xizmatlar  ko‘rsatiladi, bepul huquqiy yordam va maslahat beriladi. Sayilgoh ko‘chasida ko‘ngilochar va sovrinli tadbirlar tashkil etiladi.

Bundan tashqari, aholining Konstitutsiyaviy bilimlarini oshirishga bo‘lgan qiziqishlarini rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilib kelinayotgan 2 bosqichli Umummilliy Konstitutsiya imtihonida bugungi kunda 100 ming nafardan  ortiq fuqarolar ixtiyoriy ravishda ishtirok etib, test uchun ro‘yxatdan o‘tgan. Joylarda maktab o‘quvchilari o‘rtasida esa “Konstitutsiya huquqlarim poydevori” mavzusida “tuman-viloyat-respublika” bosqichlarida insholar ko‘rik-tanlovi tashkil qilinmoqda.

Aholining o‘z-o‘ziga huquqiy xizmat ko‘rsatishi maqsadida ishga tushirilgan “Legal Tech” axborot tizimida esa huquqiy va boshqaruvga oid 1 300 ga yaqin hujjat namunasi joylashtirilgan. Mazkur tizimdan foydalanish ko‘rsatkichi joriy yilning 10 oyida 2.4. barobarga ortib, foydalanuvchilar soni 986.7 ming nafarni tashkil etgan.

Yana, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan brayl alifbosidagi Konstitutsiya chop etilmoqda.

M.Eshmirzayeva, D.Yakubov, O‘zA