Bugun Toshkent shahridagi Turkiyaning Iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti va U-ENTER Innovatsion markazida “Global tadbirkorlik haftaligi – O‘zbekiston 2023” tadbirining ikkinchi kuni bo‘lib o‘tdi.

Global tadbirkorlik haftaligi har yili o‘tkaziladigan tadbir bo‘lib, undan ko‘zlangan asosiy maqsad global tadbirkorlik amaliyotini birlashtirish, tadbirkorlik ekotizimini takomillashtirish bo‘yicha tavsiya va takliflarni birlashtirish, mavjud imkoniyatlarni yoritib berish hamda yosh tadbirkorlarga o‘z startap loyihalarini amalga oshirishda ko‘maklashish, shuningdek, yoshlarni zamonaviy biznes texnologiyalarini ilgari surish va amaliyotga joriy etishga keng jalb etishdan iborat.

Bu yilgi haftalikning asosiy mavzusi “Aylanma iqtisodiyot va tadbirkorlik” masalalariga bag‘ishlandi.

U-ENTER Innovatsion markazida o‘tkazilgan tadbir davomida muqobil energetikani rivojlantirish, barqaror ishlab chiqarish va iste’mol uslublarini tadbiq etish, toza texnologiyalarni joriy etish, yashil startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va shu kabi boshqa masalalarga bag‘ishlangan yalpi sessiya, ko‘rgazma, shuningdek, seminarlar va ma’ruzalar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda akademik doiralar, startaplar, sanoat korxonalari vakillari, maslahatchilar, talabalar, ekspertlar va yashil iqtisodiyotning boshqa vakillari ishtirok etishdi.

M.Turdaliyeva, D.Yakubov, O‘zA