SPEKA tafsiloti

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev taklifiga binoan 23-24 noyabr kunlari Boku shahrida bo‘ldi.

Shu yilning o‘zida uchinchi marta ushbu mamlakatga borgan davlatimiz rahbari bu gal Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi – SPEKA birinchi sammiti tadbirlarida ishtirok etdi.

An’anaga ko‘ra davlat rahbarlarining ikki tomonlama muzokaralari ham bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari o‘zaro nimalarni gaplashdi?

Ilhom Aliyev Prezidentimizga SPEKA sammitida shaxsan ishtirok etayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Shavkat Mirziyoyev ham o‘z navbatida, anjumanda muvaffaqiyatli raislik qilayotgan Ozarbayjon rahbarini tabrikladi.

Yil davomida tez-tez ko‘rishayotganidan mamnunligini ma’lum qilar ekan, ikki yetakchi har bir uchrashuv mamlakatlarimiz va xalqlarimiz hamkorligi, birdamligi yo‘lida foydali bo‘layotganini ta’kidlagan.

“Muzokara davomida takliflar bildirilganmi, qanday kelishuvlarga erishildi?” kabi savollar tug‘ilishi mumkin. Shavkat Mirziyoyev 2024 yilni O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatni jadal rivojlantirish yili, deb e’lon qilish, axborot makonida tajriba almashish va hamkorlik uchun ikki mamlakat Prezident Administratsiyalarining tegishli xizmatlari muloqotini yo‘lga qo‘yishni, shuningdek, Ilhom Aliyevni 2025 yil O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” sammitida bosh faxriy mehmon sifatida qatnashishga taklif etdi.

Ilhom Aliyev 2025 yil bo‘lib o‘tadigan sammitga taklif qilindi, lekin hali oldimizda 2024 yil ham bor. Ha, davlatimiz rahbari Ozarbayjon Prezidentini kelayotgan yil ham mamlakatimizda ko‘rishni istaydi.

SPEKA sammiti. Davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi birinchi sammitida ishtirok etib, nutq so‘zladi, mintaqamiz rivoji uchun, iqtisodiy, siyosiy barqarorlikni ko‘zlab, taklif va tashabbuslar bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sammitda o‘zbek tilida chiqish qildi. Davlat rahbari mintaqaning iqtisodiy taraqqiyotiga, yaxshi hamkorlikka xizmat qiladigan bir necha taklifni ilgari surdi. Yetti bosqichda fikrini bayon etgan yetakchimiz so‘zi avvalida 25 yil oldin Toshkent deklaratsiyasi bilan ta’sis etilgan dastur hamda BMT Bosh Assambleyasining ushbu qutlug‘ sanaga bag‘ishlangan rezolyutsiyasi qabul qilingani bilan qutladi.

Prezidentimiz mazkur muhim platforma Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mintaqaviy sheriklikning amaliy mexanizmi sifatida zarurligini qayd etib, dastur doirasida tijorat, kommunikatsiya, transport va logistika sohalarida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 400 dan ziyod loyiha hayotga tatbiq etilganini ta’kidladi.

“O‘zbekiston-2030″ strategiyasi orqali uzoqni ko‘zlab, muhim ishlar amalga oshirishga e’tibor qaratayotgan Shavkat Mirziyoyev “SPEKA-2030″ taraqqiyot konsepsiyasini ishlab chiqish taklifini kiritdi. SPEKAning Maqsadli jamg‘armasini kelgusi yil tashkil etib, amaliy ishni yo‘lga qo‘yish muhimligi ham aytildi.

– Jamg‘arma xalqaro taraqqiyot institutlari bilan faol ishlashi, ustuvor loyiha va dasturlarga moliyaviy resurslar, grant mablag‘larini eng maqbul shartda jalb etishi lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – O‘zbekiston fondni shakllantirish uchun moliyaviy hissa qo‘shishga tayyor.

Xo‘sh, kelgusi yil O‘zbekistonda qanday tadbirlarni o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi? Prezident 2024 yil yurtimizda “Raqamli transport yo‘nalishlari” xalqaro forumini o‘tkazish, oziq-ovqat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha maxsus ishchi guruh tuzish va ilk uchrashuvni Samarqandda tashkil etishni taklif qildi.

Shavkat Mirziyoyev xotin-qizlarning tashabbuslari va aniq rejalarini rag‘batlantirish maqsadida SPEKA tadbirkor ayollar kengashini tuzish haqida gapirdi.

Nutqi yakunida davlatimiz rahbari O‘zbekistonning diplomatik g‘alabasini esladi. Parijda qabul qilingan YUNESKO Bosh Assambleyasi sessiyasini ilk bor Markaziy Osiyoda – Samarqandda o‘tkazish bo‘yicha tarixiy qarorni qo‘llab-quvvatlagani uchun barcha ishtirokchilarga rahmat aytdi.

Navbatdagi sammit o‘tdi-da, degan xulosa O‘zbekiston tomoni uchun xos emas. Zero, dastur Toshkentda tashkil etildi. SPEKA dasturi – a’zo mamlakatlarning iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish, jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuviga ko‘maklashish maqsadida 1998 yil 26 mart kuni Toshkent deklaratsiyasiga muvofiq ta’sis etilgan. Ishtirokchi davlatlar – O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘oniston. Darvoqe, yig‘ilishda “Tolibon” hukumati ishtirok etmayotgani, umuman, afg‘onlar masalasi Prezidentlar nutqida aks etdi.

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi bosh kotibi Jasim Al-Budaiviy sammitda faxriy mehmon maqomini oldi.

Tuzilmaga raislik qilayotgan Ozarbayjon 1998 yil ishga tushgan dasturga 2002 yilda qo‘shilgan va hozir eng faol a’zolardan biri. Bu galgi tadbir kun tartibidan mintaqaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun maqsadli fond tashkil etish, transport yo‘laklarini raqamlashtirish uchun “Yo‘l xaritasi” qabul qilish, ishbilarmonlik tashabbuslarini ilgari surish kabi masalalar o‘rin oldi.

Tabiiyki, ilk ma’ruzachi – rais Ilhom Aliyev 25 yil davomida mamlakatlar o‘rtasidagi aloqa muvaffaqiyatli rivojlanib borayotganini qayd etib, ilk bor o‘tkazilayotgan davlat rahbarlari sammiti hamkorlikni sifat jihatdan yanada yaxshilashiga ishonch bildirdi.

Ozarbayjon yetakchisi mamlakatlarni birlashtiruvchi asosiy omilga to‘xtaldi, bu – siyosiy barqarorlik. Prezident aytishicha, barqarorlik bo‘lmasa, iqtisodiy rivojlanish haqida hech qanday gap bo‘lishi mumkin emas.

– Bugun dunyoning turli mintaqalarida urush, to‘qnashuvlar avj olmoqda. Mamlakatlarimizda tinchlik, barqarorlik va osoyishtalik hukm surmoqda, taraqqiyot va qurilish jarayoni muvaffaqiyatli davom etmoqda. Bu davlatlarimiz va xalqlarimiz yutug‘i, – dedi Ilhom Aliyev.

Ozarbayjon maqsadli jamg‘armaga 3,5 million dollar ajratishini ma’lum qilar ekan, davlat rahbari so‘nggi 20 yil ichida mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 4 barobar oshganini eslatdi.

Ilhom Aliyevning o‘n daqiqalik ma’ruzasi Fuzuliy shahrida O‘zbekiston tomonidan barpo etilgan 960 o‘rinli Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktab ochilishi, Qozog‘iston tomonidan Qurmang‘ozi nomli ijodiy markaz qad rostlayotgani xususidagi fikr bilan yakunlandi.

O‘tgan yil dasturga raislik qilgan Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, dastavval, Haydar Aliyev markazida o‘tayotgan uchrashuvni ramziy ma’noga ega ekani va maxsus dasturning 25 yilligi nishonlanayotgan yilga to‘g‘ri kelgani bilan bog‘ladi.

Asosan SPEKA maqsadi, vazifalari xususida fikr yuritgan yetakchisi geosiyosiy tarqoqlik va tez o‘zgarayotgan global iqtisodiy muhitda dasturning ahamiyati ortib borayotganini aytdi.

– Tuzilma maqsadlariga erishishga Olmaotada BMTning Markaziy Osiyo va Afg‘oniston uchun Barqaror rivojlanish mintaqaviy markazi tashkil etish tashabbusi yordam beradi, – dedi Toqayev.

“Iqlim o‘zgarishi va og‘ir geosiyosiy vaziyat tufayli koronavirus pandemiyasidan keyingi inqirozdan endigina chiqa boshlagan jahon iqtisodiyoti bugungi kunda yangi muammolar, xavf-xatarlarga duch kelmoqda”, – bu fikr qozog‘istonlik hamkasbidan so‘ng so‘z olgan Qirg‘iz Prezidenti Sadir Japarovga tegishli.

Xalqaro transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish zarurati Qirg‘iz Respublikasi uchun dolzarb ekanini qayd etgan Sadir Japarov Xitoy – Qirg‘iz – O‘zbekiston temir yo‘lini qurish bo‘yicha strategik loyihani katta mamnuniyat bilan e’tirof etdi.

Sammit ishida Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon ham ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Davlat rahbari avval Ilhom Aliyevga anjuman yuqori saviyada tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirdi hamda qardosh Ozarbayjonni SPEKAdagi muvaffaqiyatli raisligi bilan qutladi.

2024 yil Tojikiston SPEKAga raislikni qabul qiladi. Emomali Rahmonning ta’kidlanishicha, mamlakat raislikning konsepsiyasi, amalga oshirish rejasiga alohida e’tibor qaratadi. Tojikiston 2023-2037 yillar uchun “Yashil iqtisodiyotni rivojlantirish strategiyasi” doirasida yashil energiya quvvatini 10 ming megavattgacha oshirish niyatini aylana stol atrofida o‘tirgan Prezidentlarga ochiq aytdi.

Nutqi davomida Emomali Rahmon dasturning iqtisodiy taraqqiyoti, mintaqaviy integratsiyasi, global iqlim o‘zgarishining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirining oldini olishga qaratilgan qator takliflar berdi.

Yig‘ilishda Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari Xojamirat Geldimiradov, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi Tatyana Molchan hamda Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiya (ESKAP) ijrochi kotibi Armida Alisjabana ham chiqish qildi, mintaqa faoliyatiga oid takliflarini aytdi.

Sammit yakunida davlat rahbarlari hujjatlar qabul qildi, “Boku deklaratsiyasi” kuchga kirdi.

Behruz Xudoyberdiyev, Asliddin Alijonov (video), O‘zA