2022 yili Moskvada bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi II mintaqalararo hamkorlik forumida O‘zbekiston Prezidenti videomurojaat bilan chiqib, Rossiyanig “Natsionalnaya rezervnaya korporatsiya”si bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida bunyod etilayotgan agrologistika kompleksi loyihasi haqida to‘xtalib, ushbu megaloyihaga alohida e’tibor qaratgan edi.

Bugun davlatimiz rahbarining mazkur tashabbusi  bilan Sharof Rashidov tumanida barpo etilgan O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonasi – “BMB-NRC Agrologistics” agrologistika majmuasining birinchi bosqichi ishga tushirildi.

Shu munosabat bilan uyushtirilgan tadbirda Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi hukumatlarining rasmiy vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo, Iqtisodiyot va moliya vazirliklari, Jizzax viloyati va Sharof Rashidov tumani hokimliklari, “BMB Holding” kompaniyasi rahbariyati, “O’zsanoatqurilishbank”, O‘zkarantin”, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlarining investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosarlari, Davlat bojxona qo‘mitasi mas’ullari, shuningdek, rossiyalik hamkorlar delegatsiyasi, “VEB.RF” rahbarlari, “Rosselxoznadzor” agentligi vakillari, Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi diplomantlari ishtirok etdi.

Tadbirning rasmiy ochilishi O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlandi.

Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev, barcha tadbir ishtirokchilarini O‘zbekiston – Rossiya qo‘shma korxonasi “BMB-NRC Agrologistics”  agrologistika kompleksining birinchi bosqichi ishga tushirilishi bilan samimiy qutlab, Jizzax viloyati hududida O‘zbekiston – Rossiya hamkorligidagi 30 dan ortiq qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotganini, bugun faoliyatini boshlayotgan ushbu korxona qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Rossiya va boshqa xorijiy davlatlarga tezkor hamda to‘siqlarsiz eksport qilishga mo‘ljallanganligi, korxona ikki mamlakat o‘rtasidagi samarali hamkorlikning yorqin namunasi ekanini ta’kidladi.

So‘nggra ikki mamlakat nomidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev hamda Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining o‘rinbosari Aleksey Overchuklar onlayn tarzda so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Rossiya davlatlari o‘rtasida ishonch va mustahkam do‘stona aloqalarga asoslangan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, o‘zaro manfaatli muloqotlar davom etayotgani va turli sohalardagi istiqbolli loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini qayd etib o‘tdi.

Ta’sischilar tomonidan “BMB-NRC Agrologistics”  agrologistika kompleksining ramziy kaliti tantanali ravishda topshirildi.

Tadbir davomida Rossiya Federatsiyasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Sergey Levin onlayn aloqa orqali va O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, RF Davlat dumasi qo‘mita raisi o‘rinbosari Sergey Lisovskiy, “BMB-NRC Agrologistics”  agrologistika kompleksi ta’sischilaridan biri “VMV xolding” kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulovlar ham so‘zga chiqib, qo‘shma korxona qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportida fermer va dehqonlarning oladigan daromadi 2 barobar ortishini, jarayon esa 4 barobar osonlashishini ta’kidladi.

Agrologistika majmuasining boshlanajak faoliyati, uning quvvatlari, eksport salohiyati va jo‘g‘rofiyasi, xizmat turlari, shuningdek, yaratilgan boshqa imkoniyat va sharoitlari haqida so‘z ketganda, shuni ta’kidlash joizki, “BMB-NRC Agrologistics” kompleksi o‘ziga xos noyob majmua bo‘lib, unda mamlakatimiz mintaqalarida yetishtirilgan turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saralash, qayta ishlash, qadoqlash, saqlash, bojxona, bank va sanitar hujjatlarini “Yagona darcha” tamoyili asosida rasmiylashtirish, transport, logistika xizmatlarini ko‘rsatish kabi amaliyotlar joriy etilgan. Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, eksportyorlarimiz shu yerning o‘zida doimiy ravishda faoliyat ko‘rsatadigan “Rosselxoznadzor”ning akkreditatsiyalangan laboratoriyasi sertifikatlari bilan Rossiya va boshqa mamlakatlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksportni yo‘lga qo‘yishi mumkin.

Bundan tashqari, qo‘shma korxonaning yaqin vaqt ichida boshlanishi rejalashtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini sublimatsion tarzda quritish va shok usulida muzlatishni nazarda tutuvchi umumiy qiymati 225 milliard 100 million so‘m bo‘lgan navbatdagi bosqichlar qurilishi poydevoriga tamal toshini qo‘yish marosimi ham o‘tkazildi.

Tadbir doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarning qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi 150 dan ortiq yirik korxonasi vakillari tomonidan hududlarning eksport salohiyatini namoyish etuvchi ko‘rgazma tashkil etildi. Ekspozitsiyalarni ko‘zdan kechirish chog‘ida eksportyorlar va importyorlar o‘rtasida amaliy muloqotlar bo‘lib o‘tdi. “V2V” formatida sherikchilik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi. “BMB-NRC Agrologistics” agrologistik kompleksida faoliyat yurituvchi barcha xizmatlar mutaxassislari esa shu yerning o‘zida ommaviy axborot vositalari xodimlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javoblar berdi.

Korxonaning rasmiy ochilish marosimi ishtirokchilari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida majmua hududida bog‘ yaratish maqsadida ko‘chat ekish aksiyasida ishtirok etdi.

– Tumanimiz hududidagi 40 gektar yer maydonida barpo etilgan ushbu agrologistika kompleksi 3 bosqichli modul ko‘rinishida amalga oshiriladi va har bir bosqichning to‘liq quvvatda ishga tushgan holdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarni saralash, qayta ishlash va qadoqlash quvvati yillik 270 ming tonnani tashkil etib, barcha bosqichlar to‘liq ishga tushganda 810 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saralash, sig‘imi 10 ming tonnalik sovutkichli kameralarida saqlash, qayta ishlash va qadoqlash orqali eksport qilish imkonini beradi, – deydi Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolbo‘tayev. – Ushbu “BMB-NRC Agrologistics” O‘zbekiston- Rossiya qo‘shma korxonasining o‘ziga xos tomonlaridan biri nafaqat tumanimimiz va viloyatimiz, balki mamlakatimizning barcha hududlaridagi dehqon, fermer va agroklaster vakillari uchun yaratilgan ulkan imkoniyatdir.

Mazkur zamonaviy majmuaning umumiy loyiha qiymati 709 milliard 71 million so‘m bo‘lib, kompleks qurilishi uch bosqichli modul ko‘rinishida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, bu yerda 10 ming tonna sig‘imga ega bo‘lgan muzlatkichli kameralar va omborlar mavjud bo‘lib, loyiha to‘liq ishga tushirilgach, 810 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish imkonini beradi. Kompleksda qad ko‘targan dastlabki modulda esa yiliga 270 ming tonnagacha mahsulotlarni qabul qilish imkoni yaratilgan.

Eng muhimi, hozirning o‘zidayoq 180 nafar doimiy, 400 nafardan ziyod mavsumiy ish o‘rni yaratilmoqda. Majmua to‘liq quvvatda ishga tushirilgach, 1 ming 410 nafar mahalliy aholi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.

O‘tgan davr mobaynida loyiha doirasida 484 milliard 62 million so‘m miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirilishi hisobiga agrologistika kompleksining to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun zarur infratuzilma yaratildi. Xususan, Bojxona qo‘mitasi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda “O‘zsanoatqurilishbank”ning hududiy filiallari, fitosanitar va sanitar-epidemiologik sertifikatlashtirish uchun PZR testi va laboratoriya jihozlari o‘rnatildi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari