Mamlakatimizda yo‘l harakati qoidalarini yanada takomillashtirish, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish hamda haydovchilar va piyodalarning yo‘l harakati qoidalariga rioya etish madaniyatini oshirish, haydovchilarni tayyorlash tizimini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo shunga qaramay, yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslik oqibatida yo‘l-transport hodisalari soni ortib bormoqda.

Jumladan, transport vositasini mastlik holatda boshqarish bilan haydovchi o‘zining harakatini anglay olmasligi oqibatida og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lmoqda. Ayrim haydovchilar tomonidan yo‘l harakati qoidalariga bepisandlik bilan qarash, transport boshqarish madaniyatiga rioya qilmaslik, yo‘l harakatining boshqa qatnashchilariga nisbatan hurmatsizlik, transport vositasini keskin boshqarish yoxud agressiv boshqarish holatlari ko‘paymoqda.

Qonunchilik palatasining bugungi majlisida muhokama qilingan “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi bilan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, qo‘pol qoidabuzarliklar sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligini ta’minlash, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum bo‘lgan shaxs tomonidan transport vositasini takroran boshqarish uchun jinoiy javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, transport vositasi haydovchilari tomonidan doimiy ravishda qoidabuzarlik sodir etganlik uchun jarima ballari hisoblash tizimini joriy etish belgilanmoqda. Ya’ni, ushbu norma bilan hisoblangan jarima ballari bir yil davomida 12 balldan oshgan hollarda oxirgi sodir etilgan huquqbuzarlik uchun qo‘shimcha jazo tariqasida haydovchini transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish tartibini joriy etish taklif qilinmoqda.

Ya’ni haydovchi bir yil davomida yo‘l harakati qoidalari bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni sodir etish yo‘li bilan belgilangan miqdordagi jarima ballarini to‘plagan taqdirda unga nisbatan transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi qo‘shimcha jazo sifatida qo‘llanishi belgilanmoqda.

Muhokamalar davomida deputatlar ballar tizimi bo‘yicha belgilanayotgan normalar yuzasidan qator savol, taklif va e’tirozlarini o‘rtaga tashladi. Mas’ul qo‘mita va loyiha tashabbuskorlari xalq vakillarining savollariga batafsil javob qaytardi. Deputat O‘tkir Islomov ushbu loyihadan asosiy maqsad fuqarolarni jarimaga tortish va mablag‘ emas, balki yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, tartibni saqlash bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.

Shuningdek, loyihada transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosini sudlar tomonidan qo‘llanishini inobatga olib, yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshganlik uchun ma’muriy jazoni jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudi tomonidan qo‘llash tartibi taklif qilinmoqda.

Bundan tashqari, siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida ishlaydigan transport vositalari bilan bog‘liq hodisalar bo‘yicha alohida moddalar bilan ma’muriy va jinoiy javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.

Yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan mazkur qonun loyihasi deputatlarning qizg‘in bahs-munozaralari va keng muhokamalariga sabab bo‘ldi. Savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuboriladigan bo‘ldi.

Muhtarama Komilova, O‘zA