Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan normalarni hayotga tatbiq etish maqsadida “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi va “Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Gap shundaki, pensiyalarning eng kam miqdori belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmasligi ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, fuqarolarga Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali pensiya tayinlash uchun murojaat qilish huquqini yaratish belgilanmoqda.

Mazkur imkoniyatlar bilan yiliga 300 ming nafar fuqaroga uyidan chiqmagan holda, onlayn yoki o‘ziga qulay bo‘lgan Davlat xizmatlari markazlari orqali pensiya tayinlanishi uchun murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, Pensiya jamg‘armasi tomonidan Xalq bankiga axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladigan fuqaroning pensionerligi xaqidagi ma’lumotlari asosida unga jamg‘arib boriladigan pensiya tizimidagi to‘lovlarini olish huquqini yaratish ko‘zda tutilmoqda.

Ushbu tartiblarni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida muhokama qilindi. Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilishini aholining elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga, shuningdek, axborot texnologiyalarini keng joriy etish orqali pensiya tayinlangan keksa va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga o‘zlarining jamg‘arib boriladigan pensiya hisob varaqlarida yig‘ilgan mablag‘larini olishlari bo‘yicha qulayliklar yaratilishiga xizmat qiladi.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasini yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish bo‘yicha asosli takliflarni bildirib, uni qabul qildilar.

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA