Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda bir qator qonun loyihalari va boshqa masalalarni muhokama qilish ko‘zda tutilgan.

Majlisda dastlab ekologik holatni yanada yaxshilashga qaratilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

–Mamlakatimizda atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda sanitariya va ekologik holatni yaxshilash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda, – dedi Spiker o‘rinbosari X.G‘afforov. –Biroq qurilish, ishlab chiqarish va urbanizatsiya ko‘lamining kengayishi atrof tabiiy muhitga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining keskin ortishiga sabab bo‘lmoqda. Shunga ko‘ra, atrof tabiiy muhitning normativdan ortiq darajada ifloslanishining oldini olish maqsadida tabiatga zararli ta’sir ko‘rsatayotgan ob’ektlar faoliyatini cheklash va to‘xtatib qo‘yish mezonlarini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.

Mazkur qonun loyihasi bilan esa qonun hujjatlariga atrof tabiiy muhitni normativdan ortiq darajada ifloslantiruvchi korxonalar, tashkilotlar, inshootlar va boshqa ob’ektlar faoliyatini o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga cheklashni hamda to‘xtatib turishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda ekologik holatni yanada yaxshilash, aholining hayoti va sog‘lig‘iga xavf yuzaga kelishining oldini olish, shuningdek vakolatli davlat organlarining ushbu yo‘nalishdagi mas’uliyatini oshirish imkonini beradi.

Muhokamalar davomida loyihada ko‘zda tutilgan normalar yuzasidan fikr va takliflar bildirildi. Qonun loyihasining muhimligi qayd etilib, deputatlar tomonidan qabul qilindi.

 

M.Komilova,  

O‘zA