Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichidagi uchrashuvlar katta hayajon bilan kuzatilmoqda. O‘zbek futbol ixlosmandlari esa kuni kecha “OKMK” va “Nasaf” klublarining o‘yinlariga muxlislik qildi.

Osiyo chempionlar ligasining 5-turidan o‘rin olgan “Nasaf” – “Al-Faysali” uchrashuvi 3:1 hisobida yakunlandi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda mehmonlar vakili Reziq Muhammad Banixani hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘limda “Nasaf” o‘yin tizginini qo‘lga oldi va 47-daqiqada Lima Kruz tezkor gol urib, hisobni tenglashtirdi. Oradan 3 daqiqa o‘tib, Zafarmurod Abdirahmatov ajoyib goli bilan “Nasaf”ni oldinga olib chiqdi.

68-daqiqada Marko Stanoyevich jarima zarbasidan unumli foydalanib, to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi va jamoasining 3:1 hisobida g‘alaba qozonishiga hissa qo‘shdi. Shuni ta’kidlash lozimki, bugun o‘zbek futbolida kambek qilish odat tusiga kirdi. Buni terma jamoamiz va futbol klublarimiz qayd etayotgan o‘yinlarda guvoh bo‘lmoqdamiz. Darvoqe, o‘yinning 84-daqiqasida “Nasaf” jamoasi darvozasiga 11 metrlik jarima to‘pi belgilangan edi. Ushbu vaziyatda darvozabonimiz Abduvohid Ne’matov muvaffaqiyatli harakat qilib, penaltini qaytardi.

Shu tariqa “Nasaf” 3 ochkoni qo‘lga kiritdi. “B” guruhining ikkinchi o‘yinida “Sharja” o‘z maydonida “As-Sadd”ga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Ushbu guruhda 5-turdan so‘ng “Nasaf” 10 ochko bilan guruhda birinchi o‘ringa chiqib oldi. “Sharja” esa 8 ochko bilan ikkinchi, “As-Sadd” esa 7 ochko jamg‘argan holda uchinchi pog‘onadan joy oldi. “Al-Faysali” hisobida 3 ochko bor va bu jamoa jadvalning so‘nggi o‘rinida qolmoqda. “Nasaf” so‘nggi turni 4 dekabr kuni “As-Sadd”ga qarshi safarda o‘tkazadi.

Musobaqaning “C” guruhidan joy olgan “Al-Ittihod” muddatidan oldin pley-offga chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Saudiyaliklar ushbu turda Olmaliqning “OKMK” jamoasi mehmoni bo‘ldi va g‘alaba qozondi. Shu tariqa “Al-Ittihod” guruhda birinchi o‘rinda, “OKMK” esa oxirgi pog‘onada. “OKMK” so‘nggi o‘yinini 4 dekabr kuni “Al-Quva Al-Javiya”ga qarshi safarda o‘tkazadi.

Bugun Osiyo chempionlar ligasi doirasida “A” va “D” guruhidagi o‘yinlar muxlislarimiz uchun katta qiziqish uyg‘otishi aniq. Sababi, “A” guruhida O‘zbekiston chempioni “Paxtakor” mehmonda “Al-Ayn” bilan o‘yin o‘tkazadi. “D” guruhida esa “Navbahor” o‘z maydonida “Al-Hilol” bilan guruh peshqadamligi uchun maydonga tushadi.

“A” guruhida “Al-Ayn” 12 ochko to‘plagan holda birinchi o‘rinda bormoqda va ushbu jamoa pley-off bosqichi yo‘llanmasini naqd qildi. “Paxtakor” esa 4 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallagan. “Ahal” klubida ham 4 ochko mavjud va to‘plar nisbatiga ko‘ra ushbu jamoa jadvalning uchinchi pog‘onasida turibdi. “Al-Feyha” esa 3 ochko bilan so‘nggi o‘rinni band qilgan. Mazkur guruhda har uch jamoa navbatdagi bosqichga chiqish uchun imkoniyatni saqlab qolgan. Umid qilamizki, “Paxtakor” bugungi o‘yinda g‘alaba qozonib, o‘z imkoniyatlarini saqlab qoladi.

Endi “D” guruhidagi vaziyat haqida. Hozirda “Navbahor” va “Al-Hilol”ning ochkolari 10 taga yetdi. Faqatgina to‘plar nisbatiga ko‘ra “lochinlar” guruhda ikkinchi o‘rinda bormoqda. Ularning eng yaqin ta’qibchisi “Nassaji Mozandaron” esa 3 ochko bilan uchinchi pog‘onadan joy olgan. Bu esa pley-off masalasi hal bo‘lganini bildiradi. “Navbahor” bugun guruh g‘olibini aniqlash bahsida “Al-Hilol” bilan o‘z maydonida raqobatlashadi.

Ko‘pchilik futbol muxlislari Krishtianu Ronaldu va uning jamoasi “Al-Nasr” o‘tkazayotgan bahslarga qiziqish bildiradi. Shu sababli ushbu klub o‘yinlariga to‘xtalib o‘tishni joiz bildik. “Al-Nasr” OCHL guruh bosqichida 1-o‘rinni egallab, keyingi bosqichga yo‘l oldi. Aniqrog‘i Saudiya Arabistoni klubi bir kishi kam bo‘lishiga qaramay “Persepolis” bilan durang (0:0) qayd etdi va “Al-Nasr” 13 ochko bilan keyingi bosqich masalasini ijobiy hal qildi.

Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, bir qator yulduz futbolchilari bo‘lgan “Al-Nasr” ketma-ket 20 ta uchrashuvda mag‘lub bo‘lmadi. Ronaldu boshchiligidagi jamoa 20 ta o‘yinning 18 tasida g‘alaba, 2 tasida durang qayd etdi. Klub so‘nggi marotaba 18 avgust kuni “Al-Tavun”ga imkoniyatni boy berib qo‘ygan edi. Ma’lumot uchun, “Al-Nasr”ni 1 dekabr kuni “Al-Hilol”ga qarshi milliy chempionat o‘yini kutib turibdi.

Bu yilgi futbol mavsumi ham o‘z yakuniga yetib bormoqda. Bu esa  jahon futbolidagi to‘purarlar tobora ko‘proq gol urishga harakat qilishiga va yangi marralarni zabt etishiga ishora bo‘ladi. Statistika mutaxassislarining ma’lum qilishicha, yil boshidan beri eng ko‘p to‘p kiritgan hujumchilar orasida birinchi o‘ringa “Bavariya” hujumchisi Harri Keyn ko‘tarilib oldi. U bugunga qadar 49 ta golga mualliflik qilmoqda. Shuningdek, Erling Holand va Krishtianu Ronaldu esa o‘z hisobidagi gollarini 48 taga yetkazib oldi. Ularning ortidan Kilian Mbappe 47 ta gol bilan bormoqda.

“Sport Ekspress” nashri Rossiya Premer-ligasining 16-turi yakunlariga ko‘ra, eng yaxshi futbolchilar reytingini e’lon qildi.  Unga ko‘ra, “Zenit” a’zosi Vendel reytingning birinchi o‘rniga ko‘tarilgan bo‘lsa, jamoadoshi Mateo Kesserrani ikkinchi o‘ringa munosib ko‘rildi. Biz uchun ahamiyatlisi, kelajagi porloq deya e’tirof etilayotgan futbolchimiz, “SSKA” klubi a’zosi Abbosbek Fayzullayev ilk bor kuchli uchlikka kirdi. Bungacha o‘zbek legioneri beshinchi pog‘onada qayd etilgan edi.

Ha, bugun o‘zbek futboli va futbolchilari yuqori natijalarni qayd etmoqda. Jamoalarimiz, futbolchilarimiz xalqaro maydonda nimalarga qodir ekanini isbotlamoqda. Buning zamirida mamlakatimizda so‘nggi yillarda futbolga qaratilayotgan e’tibor yotibdi. Umid qilamizki, o‘zbek futboli yanada yuksak marralarni zabt etadi.

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA