O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiyani o‘zida jamlagan, qudrati oshib borayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti dastlab 1992 yili tashkil topgan bo‘lib, 2009 yil 3 oktyabrda Ozarbayjonning Naxichevan shahrida qayta ta’sis etildi. Shundan so‘ng Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini (Turkiy kengash) tuzish to‘g‘risida Naxichevan bitimi imzolandi. Mazkur tashkilotda Vengriya va Turkmaniston kuzatuvchi sifatida qatnashadi.

Ushbu tashkilotning boshqa bloklardan farqli jihatlari qanday, maqsad va vazifalari nimalarga qaratilgan? Shular xususida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti mutaxassisi Sherzod QURBONOVning fikrlari bilan qiziqdik.

– Turkiy davlatlar tashkilotining missiyasi – ko‘pgina bloklardan farqli o‘laroq mintaqada, avvalo, tinchlikni ta’minlash, savdo-iqtisodiy integratsiyalashuvni institutsional rivojlantirish, – deydi Sherzod Qurbonov. – Bundan tashqari, tabiat va atrof-muhitni muhofaza qilish, yashil iqtisodiyot va yashil makon umummilliy dasturlarini jadallashtirish, madaniy merosni asrab-avaylash, ilmiy-texnik, fan va ta’lim sohalarini integratsiyalashtirish, energetika, transport, investitsiya sohalarini taraqqiy ettirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qo‘shimcha qiymat yaratishdan iborat.

Turkiy davlatlar tashkiloti o‘z dasturi doirasida sohalar integratsiyalashuvi, investitsiyalar va kooperatsiyalarni aholi farovonligini oshirish uchun keng joriy etish, tadbirkorlik rivoji uchun bojxona siyosatini soddalashtirish, savdo-sotiqni yengillashtirishda transport infratuzilmalarini uzluksiz bog‘lash va xalqaro bozorlarga qulay yo‘l ochishni ko‘zlaydi.

Ta’kidlash joizki, aholisining 60 foizdan ko‘prog‘ini yoshlar tashkil etadigan Turkiy davlatlar tashkilotining so‘nggi yillardagi faoliyatida oliy darajadagi yetakchilar tashabbusi bilan fan va texnika, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, yoshlar, sport va turizm sohalari jonlanib, qadriyatlar tiklanib, ommalashib bormoqda.

Binobarin 2018 yil sentyabr oyida Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarning 6-sammitida tashkilot tarixida birinchi marta O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi. Sammitda davlatimiz rahbari O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotiga kirishi to‘g‘risida so‘zlagach, 2019 yil 14 sentyabr kuni O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qildi va tashkilotning to‘laqonli a’zosiga aylandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil noyabr oyida o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etarkan, Kengashga a’zo davlatlar va kuzatuvchi mamlakatlar tomonidan Markaziy Osiyodagi chegaradosh davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik, iqtisodiy barqarorlik yangi bosqichga olib chiqilganligi, diplomatik munosabatlardagi pragmatik, ochiqlik siyosatini yuksak baholadi.

Yangi O‘zbekistonning nafaqat mintaqada, balki jahon hamjamiyatidagi mavqei yanada mustahkamlanishida ulkan iqtisodiy konstruktiv islohotlarni olib borayotgani e’tirof etildi. Mamlakatimiz BMT, SHHT, MDH, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar, institutlar bilan istiqbolli, real, katta sarmoyalarga asoslangan hamkorlik o‘rnatib kelayotgani e’tirof qilindi.

Jahon hamjamiyati ta’biri bilan aytganda, Turkiy davlatlar tashkilotiga davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev istiqbolli loyihalarni jadal tatbiq qilish ruhini olib kirdi.

Bunga O‘zbekiston TDT dasturlari doirasida mintaqaviy xalqaro tashkilotlar hisoblanuvchi SHHT va MDH bilan ko‘p vektorli islohotlarni o‘z tashabbusi orqali ilgari surayotgani misol bo‘la oladi.

– Mazkur kengash 2021 yildan Turkiy davlatlar tashkiloti deb nomlanishi mintaqada tashkilotning ijobiy jonlanishiga turtki bo‘ldi. Ushbu jarayonda Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy potensialini nimalarda ko‘rasiz?

– Turkiy davlatlar tashkiloti hamkorligi O‘zbekiston iqtisodiyotida ulkan raqamlarni hosil qiladi, birgina 2021 yilni oladigan bo‘lsak, shu yili O‘zbekiston TDT davlatlari bilan 9,3 milliard AQSH dollari miqdorida savdo-sotiq olib borgan. Bu raqamlar O‘zbekiston tashqi savdosining qariyb 23 foizini tashkil etib, o‘tgan davrda O‘zbekiston va TDT mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo operatsiyalari qariyb 4 barobarga yetgan.

Bu ko‘rsatkichlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi, samarali iqtisodiy yutuqlar tashkilotga O‘zbekiston raislik qilgan davrda turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan yuzdan ortiq dastur va chora-tadbirlar natijasidir.

Shu bois jahon platformalarida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo bo‘lgan Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekistonning 2022 yil yanvar-mart oylarida asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari sezilarli o‘sdi.

Masalan, “Turkiyaning iqtisodiy istiqboli” nomli statistik byulleteni ma’lumotlarga qaraganda, turkiy davlatlarning umumiy maydoni 4244000 km2, aholisi 155,1 million kishi, yalpi ichki mahsuloti 1001,4 milliard dollar, tovar ayirboshlash hajmi 536,08 milliard dollarni tashkil etadi. Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar jahon geografik hududining 0,8 foizini, aholisining 2 foizini, yalpi ichki mahsulotining 1,2 foizini, tovar aylanmasining 2,5 foizini hosil qilib, ulkan ulushga ega mintaqa.

Xabarnomaga ko‘ra, 2022 yilning birinchi choragida Turkiya iqtisodiyotida 7,3 foiz, Ozarbayjonda 6,8 foiz, O‘zbekiston iqtisodiyotida 5,8 foiz, Qirg‘izistonda 4,5 foiz, Qozog‘iston iqtisodiyotida esa 4,4 foizga o‘sish kuzatilib, mintaqada shaffof iqtisodiy muhit yaratilgan va mamlakatimiz 3-o‘rinda iqtisodiy tashabbusni qo‘lga olgan.

Xususan, Turkiy davlatlar tashkilotining 2022 yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning TDT mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 10,2 foizga oshdi va 7,4 milliard dollarni tashkil etgan. Xususan, eksport – 3,2 milliard dollar (o‘sish 10,6 foiz), import – 4,2 milliard dollar (o‘sish 9,9 foiz). O‘tgan yili O‘zbekiston va Turkiy dunyo tashqi savdo aylanmasi 8,3 milliard, eksport hajmi 3,1 milliard dollarni tashkil etgan.

Yana bir jihat. Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi eng qisqa transkontinental yo‘nalishlar turkiy davlatlar hududlari orqali o‘tadi. Shuning uchun ularning birlashuvi va integratsiyalashuvi nafaqat tranzit yuk tashish hajmi oshishiga, balki Yevroosiyo qit’asining barcha mamlakatlari rivojlanishiga faol hissa qo‘shadi.

Biz uchun manfaatli tomoni O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar portlaridan yuk tashishni tashkil etishda faol.

Statistik ma’lumotlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2021 yilning 9 oyiga nisbatan O‘zbekistonning Qozog‘iston va Turkmaniston portlari ishtirokida yuk tashish hajmi ikki barobardan ko‘proqqa, ya’ni, 337 ming tonnadan 701 ming tonnaga oshgan.

2022 yilda turkiy davlatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 33 milliard dollarni tashkil etdi. Shundan, 3,8 milliard dollari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

O‘tgan yili Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo bo‘lgan davlatlarning umumiy eksporti qiymati 537 milliard dollardan oshgan.

O‘zbekiston tashkilot mamlakatlari bozorlariga tayyor mahsulotlarning asosiy hajmini – to‘qimachilik, elektrotexnika, avtomobilsozlik va meva-sabzavot mahsulotlari hamda rangli metallarni eksport qiladi.

Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlaridan esa, yurtimizga sanoat korxonalari uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar: metall prokat, alyuminiy, shuningdek, turli mexanik asboblar, qurilish materiallari, neft mahsulotlari, donning asosiy qismi va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini import qiladi.

– Iqtisodiy sheriklar ittifoqdoshligi natijalari qanday?

– Joriy yil noyabr oyining uchinchi kunida Ostona shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev raisligida bo‘lib o‘tdi.

Kengash shukuhi Prezident Shavkat Mirziyoyev turkiy xalqlar birdamligini, ulug‘ o‘tmishi, buyuk davlatchiligi, boy ma’naviy-moddiy merosi, azaliy qadriyatlarini o‘zida mujassam etadigan Turkiy dunyo xartiyasini ishlab chiqishni taklif etganida namoyon bo‘ldi. Kun tartibiga muvofiq TDT doirasidagi ko‘p qirrali munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida bugungi shiddat bilan o‘zgarib borayotgan zamonda tili, dini va qadriyatlari bir-biriga chambarchas bog‘langan turkiy xalqlarning ovozi dunyo bo‘ylab yanada baland, yanada kuchli yangrayotganini ta’kidladi.

Tashkilot bugungi kunda shakllanayotgan yangi dunyo tartiboti va xalqaro institutlar tizimida o‘ziga xos muhim o‘ringa ega bo‘lib bormoqda.

O‘zbekistonning TDT mamlakatlari bilan hamkorligi xususida so‘z yuritar ekan, davlatimiz rahbari mamlakatimiz tashkilotning barcha a’zolari bilan strategik sheriklik aloqalarini o‘rnatganini katta mamnuniyat bilan qayd etib, o‘tgan yili Samarqand sammitida imzolangan muhim hujjatlar izchil bajarilayotganini sarhisob qildi.

Tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi ko‘p tomonlama va uzoq muddatli aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Xususan, Turkiy xalqlar birdamligini, ularning buyuk o‘tmishi va boy madaniyatini, azaliy qadriyatlarini ifoda etadigan Turkiy dunyo xartiyasini ishlab chiqish taklif qilindi.

Sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va yirik qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadida Turkiy taraqqiyot bankini tashkil etish ishlarini faollashtirish muhimligi qayd etilib, ushbu moliya muassasasini Toshkent shahrida joylashtirish taklifi bildirildi.

Turkiy davlatlar savdo hamkorligi tadqiqot markazini tashkil etish bo‘yicha boshlangan amaliy ishlarni to‘liq ma’qullab, O‘zbekiston Prezidenti markaz imkoniyatlaridan savdo to‘siqlarini bartaraf etish, eksport-import hajmini ko‘paytirish bo‘yicha yangi mexanizmlarni keng joriy qilish, elektron savdo platformalarini rivojlantirishda unumli foydalanish zarurligiga e’tibor qaratdi.

Global logistika zanjirlari va transport yo‘laklarini rivojlantirish hamda diversifikatsiya qilish, yagona tranzit tarmog‘ini shakllantirish masalalari dolzarb ekanini ilgari surdi.

Shu ma’noda davlatimiz rahbari O‘rta koridor salohiyatini kengaytirish, qo‘shimcha ko‘p tarmoqli yo‘nalishlarni, jumladan, Xitoy, Janubiy Osiyo va Yevropa bozorlariga mamlakatlarimiz orqali o‘tadigan yo‘laklarni rivojlantirish hamda transport xizmatlarini raqamlashtirish chora-tadbirlarini qo‘llab-quvvatladi.

Tashkilotning Temir yo‘l idoralari kengashini ta’sis etish va bu tuzilmaning direksiyasini O‘zbekistonda joylashtirish taklif etildi.

Ekologiya, yashil iqtisodiyot, yashil makon umummilliy sohalarida hamkorlikni mustahkamlash, vazirlar darajasida doimiy faoliyat ko‘rsatadigan Turkiy ekologiya forumini tuzish tashabbusini taklif sifatida berdi.

O‘zbekiston yetakchisi ijodiy fikrlaydigan, iste’dodli va shijoatli yoshlar istiqbolda turkiy dunyoning yangi Renessansini barpo etish, yangilikka intiluvchan, tashabbuskor yigit-qizlarni rag‘batlantirish uchun O‘zbekistonda Turkiy dunyo kreativ yoshlari markazini ochishni taklif qildi.

O‘tgan yili “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” shiori ostida bo‘lib o‘tgan Samarqand sammitida imzolangan hujjatlar hayotga izchil tatbiq etilayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston raisligi davrida yuzdan ortiq turli tadbirlar o‘tkazilgani, muhim tashabbuslar ilgari surilgani va “Turkiy nigoh – 2040» konseptual dasturi hayotchanligini ilgari surdi.

Jumladan, Turkiy davlatlar Kasaba uyushmalari tashkiloti, Fazo tadqiqotlari akademiyasi, Jug‘rofiy kengash, Qurg‘oqchilikni bartaraf etish instituti, Notarial idoralar uyushmasi kabi yangi tuzilmalarning samarali faoliyatini misol keltirdi. Qator nufuzli global va mintaqaviy tuzilmalar – Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning turli ixtisoslashgan institutlari, Islom hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bilan yaqin sheriklik aloqalari o‘rnatilganini qayd etdi.

“Turkiy davr” shiori ostida o‘tgan sammitimizda ko‘p tomonlama va uzoq muddatli aloqalarni yanada kengaytirishga qaratilgan oltita turkiy sivilizatsiyani yuksaltirish g‘oyasini amalga oshirish, texnologik taraqqiyot va ilg‘or bilimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga asos bo‘ldi. Tadbirning tantanali qismi Turkiy davlatlar tashkiloti davlatlar rahbarlari kengashi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga turkiy xalqlar oilasining birligini mustahkamlashga, turkiy mamlakatlarning manfaatlari va qarashlarini xalqaro maydonda faol ilgari surishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun yuksak mukofot – “Turkiy dunyoning oliy ordeni”ni topshirilishi bo‘ldi.

“Bu mukofotni men birinchi navbatda chinakam birodarlik rishtalari asosida yangidan yuksalayotgan yaqin do‘stligimiz va hamkorligimiz ramzi, deb bilaman”, dedi davlatimiz rahbari.

– Turkiy davlatlar tashkiloti mintaqasida hali ishga solinmagan tabiiy resurslardan oqilona foydalanish qanday iqtisodiy samara beradi?

– O‘zbekiston tog‘-kon sanoati va qishloq xo‘jaligi, Qozog‘iston neft-gazni qayta ishlash, metallurgiya sohasi, Ozarbayjon esa energetika va sanoat sohasi, Qirg‘iziston suv zaxiralari, Turkiya esa Yevropaga chiqish hamda sanoatning juda ko‘p yo‘nalishida katta ustuvorlikka ega.

Shuning uchun Turkiy davlatlar tashkiloti platformasida a’zo davlatlarning imkoniyatlaridan unumli foydalanish, birinchi navbatda oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan qaramlikning oldini olish va barqaror iqtisodiyotni ta’minlashda amaliy integratsiyalashuv dolzarblik kasb etadi. Bu integratsiyalashuv bir makon, bir vaqt va bir yo‘lda umumlashgani bilan samaralidir.

Sammitda ta’kidlandiki, globallashuv jarayonlarining faollashuvi, noaniq axborotlar xuruji, iqlim o‘zgarishlari, xalqaro geosiyosiy vaziyatlar, oziq-ovqat xavfsizligi borasida jiddiy muammolarning paydo bo‘lishi Turkiy davlatlarning bir maqsad ostida muammolarni oqilona yechishni taqozo qilishi ochiqlandi.

Bunday ochiq va pragmatik ruhda o‘tgan sammit mintaqada hali ishga solinmagan, zaxirada turgan katta tabiiy, iqtisodiy imkoniyatlarni ishga tushirishda hal qiluvchi maslak bo‘ladi.

Zero tili, qadriyatlari bir qardosh va azaliy hamkor bo‘lgan davlatlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishi mintaqada savdo-iqtisodiy innovatsion bozor islohotlarini amalga oshirish, industrial sanoat loyihalarini kengaytirish va xalqlarimiz farovonligini barqaror ta’minlashga xizmat qiladi.

O‘zA muxbiri 

Abdulaziz RUSTAMOV 

suhbatlashdi.