Ayni kunlarda Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida milliy sport turimiz kurash bo‘yicha navbatdagi jahon chempionati bahslari o‘tkazilmoqda.
Mazkur jahon chempionati doirasida Ashxobodda Xalqaro kurash assotsiatsiyasining navbatdagi kongressi bo‘lib o‘tdi.
50 ga yaqin mamlakatlardan delegatlar ishtirok etgan yig‘ilishda kurashning jahondagi rivoji va ommaviyligini ta’minlash borasida 20 ga yaqin turli masalalar ko‘rib chiqildi.
Kongress davomida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi boshqaruv qo‘mitasiga saylovlar o‘tkazildi.
Xalqaro kurash assotsiatsiyasini 2014 yildan beri boshqarib kelayotgan Haydar Farman nomzodi bir ovozdan IKA prezidentligiga qayta saylandi.
Shuningdek, anjumanda hindistonlik Jagdesh Tatler va hamyurtimiz, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov IKA birinchi vitse-prezidentligiga, Sherzodxon Qudratxo‘ja (O‘zbekiston), Jaime Kazanova (Pan-Amerika), Komil Ro‘ziyev (O‘zbekiston), Tomas Dunker (Afrika), Merabi Ilyadis (Yevropa), Ziyovuddin Xojiniyozov (O‘zbekiston) vitse-prezidentlikka, Reza Nossiri (Eron) bosh kotiblikka, Ravi Kopur (Hindiston) texnik direktorlikka saylangan bo‘lsa, yana bir qator nomzodlar delegatlarning ovoz berishi natijasida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA) boshqaruv qo‘mitasidan joy oldi.
Eslatib o‘tamiz, Ashxobod kurash gilamlarida 28 noyabrga qadar davom etadigan jahon chempionatida mamlakatimizning 15 nafar sportchisi Vatanimiz sharafini himoya qilmoqda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA.