Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.

Qonun yangilangan Konstitutsiyaga kiritilgan qoidalardan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan. Kiritilayotgan o‘zgartirishlarga muvofiq, Konstitutsiyaviy sud vakolatlari kengaytirilib, O‘zbekiston Respublikasi referendumiga chiqarilayotgan masalalarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa berishi belgilanmoqda.

Konstitutsiyaviy sud faqatgina o‘z vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar bo‘yicha qonunchilik tashabbusi huquqiga ega ekanligi nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, Konstitutsiyaviy sudning sudyalari qayta saylanish huquqisiz o‘n yillik muddatga saylanishi mustahkamlangan.

Senatorlar ma’qullagan qonunning qabul qilinishi natijasida Konstitutsiya va qonunlarning ustuvorligi hamda ularning bir xilda amalda bo‘lishiga erishiladi.

N.Abduraimova, O‘zA