Senatning qirq yettinchi yalpi majlisida “Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev qishloq xo‘jaligini isloh qilish, sohani rivojlantirishning huquqiy asosini mustahkamlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Sohaga investitsiyalarni jalb qilish, resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etishga ham e’tibor qaratilmoqda.

Shu bilan birga, bugungi ekologik omillarning keskin o‘zgarishi yer va suv resurslaridan samarali foydalanishga, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligi va sifatini oshirishga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash va iste’mol ratsionini yaxshilash, tuproq unumdorligini oshirish, saqlash va asrab-avaylashni talab etmoqda.

Shu boisdan ushbu qonun bilan yer fondining barcha toifalaridagi tuproqning unumdor va tuproq hosil qiluvchi qatlamlari tuproqni muhofaza qilish ob’ekti etib belgilanmoqda.

Qonunda tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi davlat nazorati, yer egalarining, yerdan foydalanuvchilarning va yer uchastkalari ijarachilarining tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi huquq va majburiyatlari mustahkamlanmoqda.

Qonunda tuproq unumdorligini oshirish va muhofaza qilish, tuproqlarning holatini yaxshilash, unumdorligini saqlash, shuningdek, mas’ul vazirlik va idoralarning vakolatlari, yerlarni rekultivatsiya qilish, tuproq holati va sifatiga ta’sir qiluvchi loyihalar, vositalar va texnologiyalarni davlat ekspertizasidan o‘tkazish masalalari o‘z aksini topmoqda.

Shu bilan birga, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tuproqqa yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishini talab qilish huquqi belgilanmoqda.

Shaharsozlik faoliyatini, geologik qidiruvni va foydali qazilmalarni qazib olishni, shuningdek, qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish chog‘ida tuproqning unumdor qatlami sidirib olinmagani va saqlanmagani fakti aniqlangan taqdirda, yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi mustahkamlanmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun sug‘oriladigan tuproqlar unumdorligining pasayish jarayonlariga barham berishga xizmat qiladi. Tuproq unumdorligini tiklash hisobiga mahsulot yetishtirish hajmi ortadi. Toza tuproqda sifatli hamda xavfsiz mahsulot yetishtirish imkoniyati kengayadi.

N.Abduraimova, O‘zA