Mamlakatimiz sport tarixida ilk bor Olimpiya o‘yinlari oltin medalini qo‘lga kiritgan mahoratli sportchi, “Lillexammer-1994” Olimpiadasi chempioni Lina Cheryazovaga murabbiylik qilgan mutaxassis Dmitriy Kavunov yurtimizga keldi.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov bilan kechgan suhbat jarayonida yurtimizda qishki sport turlari, xususan, fristayl yo‘nalishlarini qayta rivojlantirish masalasida fikrlar ilgari surildi.
Rossiya fristayl federatsiyasi vitse-prezidenti Mixail Borodyanskiy hamda Xalqaro chang‘i sporti turlari federatsiyasining eksperti Andrea Rinaldi ishtirok etgan uchrashuvda D.Kavunov Rossiya va Kanada terma jamoalaridagi murabbiylik faoliyati esga olindi. Mamlakatimizda fristayl sport turlarini rivojlantirish bo‘yicha dastlabki rejalar muhokama qilindi.
Suhbat davomida avvalo, iqtidorli sportchilarni saralab olish, ularning shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratish muhimligi ta’kidlandi.
Muloqot yakunida yurtimizda qishki sport turlari rivojini yangi bosqichga olib chiqish borasida davlatimiz tomonidan muhim ishlar olib borilayotgani, “Humo arena” va “Alpomish” muz saroylarini qurish orqali ommaviy sport targ‘iboti kuchaytirilayotgani, fristaylning nafaqat akrobatika, balki mogul yo‘nalishini rivojlantirish, Toshkent viloyatining tog‘li hududlarida musobaqa va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish mumkinligi aytib o‘tildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA