Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida penchak-silat sport turi bo‘yicha yoshlar va kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan 7-Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 8 ta medallar shodasini qo‘lga kiritdi.

Qit’aning 30 ta davlatidan mahoratli sportchilar ishtirok etgan nufuzli musobaqada terma jamoamiz a’zolaridan Hasan va Husan Azizjonov o‘z vaznlarida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.

Hamyurtlarimizdan Shohrux Shuhratov va Jamshid Vohidjonov kumush medallarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Shohruxmirzo Suyunov, Azizjon Isoqov, Muhammadqodir Rustamov va Nurislom Ro‘ziboyev bronza medaliga ega chiqdi.

— Mazkur qit’a chempionatiga munosib tayyorgarlik ko‘rganimiz natijalarda o‘z aksini topdi. Delegatsiyamiz tarkibida 13 nafar sportchi bo‘lgan bo‘lsa, ularning 8 nafari yuqori natijani qayd etdi. Bu, ko‘zlangan maqsadga erishganimizning isboti bo‘ldi, — dedi O‘zbekiston penchak-silat federatsiyasi rahbari Muhammad Mubin Ro‘ziboyev.

Dubay sport maydonlarida munosib natijalarga erishgan O‘zbekiston sport jamoasi yurtimizga qaytib keldi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA