O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “Ishonch” va “Ishonch – Doveriye” gazetalari kutubxonasi “ ruknida chop etilgan “Yil “Ishonch”i” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirga ommaviy axborot vositalari vakillari, oliy taʼlim maskanlarining jurnalistika fakulteti  professor-oʻqituvchilari, yosh ijodkorlar taklif etildi.

Taqdimot tadbirida bugungi kunda mamlakatimizda kechayotgan oʻzgarishlar jarayoni jurnalistlarning ham tobora faol ijod qilishga undayotgani taʼkidlandi. Bu jihatlar  “Ishonch” va “Ishonch – Doveriye” gazetalari faoliyatida ham oʻzining yorqin ifodasini topmoqda.

– Toʻplamni oʻqib shunday xulosaga kelish mumkinki, bugun agar har bir inson oʻzini oʻzgartirmasa, fidokor shaxs sifatida shakllantirmasa, muammolar haqida har qancha gapirilsa ham,  ularni bartaraf etish qiyin kechar ekan,  –dedi  Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov. – Istaymizmi, yoʻqmi, amerikalik yozuvchi va publitsist Teodor Drayzer asarlaridagi  koʻplab voqealar bugun bizning hayotimizda, odamlarning ish faoliyatida, ruhoniyatida, odamlarning oʻzaro munosabatlarida aks etayotganini koʻrdim. Yaxshi niyatlar bilan boshlagan ezgu tashabbuslarning natijalari joylarda qanday oʻz ifodasini topmoqda? “Ishonch” va “Ishonch – Doveriye” gazetalarining jurnalistlari oʻz maqolalarida shularni teran tahlil etayotgani eʼtiborga molikdir.

– Bugun kitobga boʻlgan munosabat bundan 10-15 yil avvalgisidan farqli ravishda keskin ijobiy tomonga oʻzgardi, –   dedi Oʻzbekiston Milliy Axborot agentligi  bosh direktori, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Abdusaid Koʻchimov. – Bu oʻzgarishlar zamirida mamlakatimizda maʼnaviyat, madaniyat va ijod ahliga boʻlgan eʼtibor mujassamdir. Kitob millat maʼnaviyatining asosiy tayanchi ekanini davlatimiz rahbari amalda isbotlamoqda. “Yil “Ishonch”i” kitobi Oʻzbekistondagi barcha ijodkorlar, olimlar, ziyolilar, siyosatchilar, jurnalistlarning jamiyatimizda kechayotgan jarayonlarga, yangilanishlarga munosabati deyish mumkin. Shu bilan birga mazkur kitobni Oʻzbekistondagi voqeliklarning oʻziga xos ensiklopediyasi, deb ham atash mumkin.  “Bugungi kunda gazeta qanday boʻlishi kerak?” degan savolga aynan shu toʻplam orqali javob olish mumkin. Shu bilan birga “Gazetalar kerakmi?” degan nooʻrin savolga ham mazkur toʻplam uzil-kesil javob beradi. Darhaqiqat, gazeta bugungi kunda “Ayollar daftari” loyihasining amaliy natijalari, ayollar ishsizligi, oilalarni mustahkamlash kabi dolzarb masalalarni koʻtarib chiqishi bilan birga, unda   “Prezidentga maktublar”, “Insholar tanlovi” kabi ruknlarning muntazam berib borayotgani ham eʼtiborlidir.

– Mazkur toʻplamning chop etilishi albatta jamoaviy ishdir, –  dedi   “Ishonch” va “Ishonch – Doveriye” gazetalari bosh muharriri, “Doʻstlik” ordeni sohibi Husan Ermatov. – Tahririyatimizda bugungi kunda asosan tahliliy materiallar va  analitikaga katta eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur toʻplam zamondoshlarimizning rang-barang fikrlarini oʻzida jamlagan. Uni jamiyatning koʻzgusi deb ham atash mumkin. Maqolalarda fikrlar xilma-xilligigiga katta eʼtibor qaratilmoqda.

–  Bu kitob jurnalistika sohasi uchun tahsil olayotgan talabalar darsga olib kiradigan,   jurnalistika fakultetining kutubxonalarida turishi kerak boʻlgan kitobdir,–   dedi filologiya fanlari doktori, taniqli jurnalist Halim Saidov. – Talabalar eng koʻp intiladigan tahririyat bugungi kunda “Ishonch” va “Ishonch – Doveriye” gazetalari tahririyati boʻlib qoldi.  “Yil “Ishonch”i” kitobida jamlangan materiallar talabalar uchun ibratdir.

Maʼlumot uchun shuni aytish kerakki, tahririyat 2018-yildan buyon gazetalar sahifalarida chop etilayotgan  salmoqli, dolzarb, davr ruhi aks etgan  mavzulardagi maqolalarni jamlab, alohida  kitob holida chop etishi anʼanaga aylantirilgan. Xususan, 2018-yilda “Bir yilga bir nazar”, 2019-yilda “Ishonch” aytadiki…”, 2020-yilda “2020 – millatni ulgʻaytirgan yil”, 2021-yilda “2021 fakt va dalillar, mulohaza va munozara, tanqid va tahlil, talqin va xulosalar…”, 2022-yilda “2022 Nigoh” kitoblari chop etildi. Bu yilgi kitob esa  “Yil “Ishonch”i” deb nomlangan.

Taqdimot tadbirida ustoz jurnalistlar tomonidan yangi toʻplam xususida atroflicha fikrlar, taklif va mulohazalar  bildirildi.

Nazokat Usmonova, Oybek Pardayev (surat), OʻzA