Prezidentimizning 2023 yil 10 oktyabrdagi “Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan.

Mazkur hujjatda rivojlangan davlatlar, shu jumladan, Birlashgan Arab Amirliklarining yo‘l qurilishi sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalarda o‘rta bo‘g‘indagi mutaxassislarning amaliyotini tashkil etish vazifasi belgilangan.

Shu asosda Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari vazirligi hamda Dubay yo‘llar va transport idorasi bilan hamkorlikda stajirovka dasturi ishlab chiqildi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, navbatdagi stajirovka dasturi Dubay yo‘llar va transport idorasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining bir guruh mutaxassislari Birlashgan Arab Amirliklarining yo‘l qurilishi sohasidagi tajribasini o‘rganmoqda.

Ishtirokchilar Dubay yo‘llar va transport idorasida strategik rejalashtirish jarayoni, 2023-2030 yillarga mo‘ljallangan dastur, hudud yo‘l tizimi va yo‘llar klassifikatsiyasi, yo‘llar holatini nazorat qilish, ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va baholash tajribasi bilan tanishadi.

Shuningdek, mutaxassislarimiz yo‘l qoplamasi holatini baholash, nosozliklarini aniqlash, texnik xizmat ko‘rsatish ehtiyojlari (byudjet va resurslar)ni tahlil qilish yuzasidan amaliy keyslarda ishtirok etadi.

N.Abduraimova, O‘zA