Poytaxtimizdagi “Alpomish” sport saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash bo‘yicha o‘tkazilgan jahon professionallar seriyasi xalqaro turnirining final bellashuvlari hayajonli bellashuvlarga boyligi bilan ajralib turdi.

“World Series Pro” turnirlarining to‘rtta qit’ada o‘tgan bosqichlarida erkaklar 66, 81, 90 va mutlaq vaznda, ayollar 57, 70 kilogramm hamda mutlaq vazn toifalarida 1- va 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan sportchilar  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash olib bordi.

Nufuzli musobaqaning tantanali ochilish marosimida yoshlar siyosati va sport vaziri, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi faxriy birinchi vitse prezidenti Adham Ikromov, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti Haydar Farmon, O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev, qit’aviy kurash konfederatsiyalari, 20 dan ziyod davlatlardan kelgan milliy kurash federatsiyalari vakillari ishtirok etib, “World Series Pro” turnirlari Afrika, Osiyo, Yevropa, Amerika qit’alarida zo‘r muvaffaqiyat bilan tashkil etilgani milliy sportimiz kurashning xalqaro rivojiga beqiyos hissa qo‘shganini e’tirof etdi.

O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi yangrab, shiddatli bellashuvlarga izn berildi. Dunyoning turli davlatlaridan kelgan kurashchilar o‘rtasidagi murosasiz bellashuvlarni yuzlab sport ixlosmandlari diqqat bilan kuzatib borishdi. Ayniqsa, yurtimiz polvonlarining chiqishlari muxlislarda bir olam zavq o‘yg‘otdi. O‘tkazilgan bahslar natijasida erkaklar o‘rtasida 66 kilogramm vaznda terma jamoamiz a’zosi Artyom Shturbabin eronlik Majid Vohidni mag‘lub etib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovriniga ega chiqqan bo‘lsa, 2, 3-o‘rinlar Gretsiya va Gruziya vakillariga nasib etdi. 81 kilogramm og‘irlikda hamyurtimiz, jahon chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi Umid Esonov barcha raqiblaridan ustun ekanligini namoyish qildi. Sovrinli o‘rinlar Misr, Dominikan Respublikasi vakillariga tegishli bo‘ldi. 90 kilogrammm og‘irlikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrinlariga Gruziya, Latviya, Qirg‘iziston, Meksika kurash federatsiyasi sportchilari egalik qildi.

Erkaklar o‘rtasida mutlaq vaznda kechgan bellashuvlarda g‘oliblikka da’vogarlar orasida Gretsiya, Gruziya, Meksika davlatlarining vakillari bor edi. Ammo ilk saralash bellashuvlarida terma jamoamiz a’zosi, ikki karra jahon chempioni Muhsin Hisomiddinov avvaliga Gruziya vakilini mag‘lub etgan bo‘lsa, undan keyin Gretsiya polvonini dog‘da qoldirdi. Shu tariqa finalda hamyurtimiz qirg‘izistonlik Bekbolot Toktogonov bilan ro‘baro‘ keldi. Muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi, Muhsinning chapdastligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini yurtimizda qolishini ta’minladi. Shu tariqa xalqaro musobaqada g‘oliblikka erishgan sportchi 10 ming, 2-o‘rin sohibi 5 ming hamda 3-o‘rinni qo‘lga kiritadigan kurashchilar 1 000 AQSH dollarlari bilan taqdirlandi.

G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston kurash federatsiyasi mutasaddilari ishtirok etdi.

 

To‘lqin Ro‘ziyev,  

Murodxon Xo‘jayev(surat video)  

O‘zA