Ma’lumki, o‘tgan 2022 yildan boshlab, xususiy sektorda ishlaydigan ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqalari to‘lab berish amaliyoti joriy qilingan edi.

“2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga ko‘ra,   2024 yil uchun Davlat byudjeti daromadlari 270,3 trillion so‘m, xarajatlari esa 279,6 trillion so‘m miqdorida belgilanmoqda. Davlat byudjeti  loyihasida xususiy sektorda ishlovchi ayollarning homiladorlik nafaqa pulini byudjet mablag‘lari hisobidan to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar uchun 100 milliard  so‘m  ajratish ko‘zda tutilgan. Rejalashtirilayotgan bu mablag‘ 2023 yilga nisbatan 3 barobar kam.

Bunday kam rejalashtirilishning qanday sabablari bor?

Iqtisodiyot va Moliya vaziri  o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, nafaqaning bu turi    inson omilisiz, ya’ni jarayon pro-aktiv (elektron ko‘rsatiladigan xizmat) tarzda tayinlanadi hamda Iqtisodiyot va Moliya vazirligi huzuridagi Ijtimoiy yagona  reyestri axborot tizimi orqali amalga  oshiriladi.

Nafaqa tayinlanishi uchun 3 ta asosiy mezon asosida talab qo‘yilgan.

Unga ko‘ra, nafaqaga talabgor ayol kamida uzluksiz 6 oy davomida o‘sha korxonada ishlagan bo‘lishi kerak. Yagona milliy mehnat tizimida rasman band bo‘lgani, korxona tomonidan mehnat daftarchasi ochilgani hamda uning buyruqlari korxona tomonidan kiritilgani hisobga olinadi. Shuningdek, 6 oy davomida ayolning Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotlar bazasida daromadlari va soliq to‘lovlari aks ettirilgan bo‘lishi kerak. Qayd etilishicha, nafaqa faqatgina 2022 yilning 1 sentyabridan boshlab “dekret”ga chiqqan ayollarga to‘lab beriladi.

Joriy yilning  9 oy davomida olib borilgan o‘rganishlarga ko‘ra,  xususiy sektorlarda faoliyat olib boruvchi   12 ming nafar  homilador ayol tomonidan  tug‘ish nafaqasini olish bo‘yicha murojaat kelib tushgan va homiladorlik nafaqasi uchun  24, 6  milliard so‘m mablag‘ sarflangan. Yil yakuniga qadar, xususiy sektorda ishlayotgan 19  ming nafar homilador ayollarga 40 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi prognoz qilingan.  Shu progonozdan  kelib chiqib,  2024 yil Byudjet qonun loyihasida 100 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi  ko‘zda tutilgan.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA