Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi “Bunyodkor” stadionida Eron termasiga qarshi “JCH-2026” va “Osiyo kubogi-2027” qo‘shma saralash bosqichi doirasida o‘zaro raqobatlashdi.

Srechko Katanes boshchiligidagi Oʻzbekiston terma jamoasi mazkur bahsda 2:2 hisobida durang oʻynadi.

Uchrashuvning birinchi boʻlim 14 daqiqasida Rizoyan Ramin gol urib Eronni oldinga olib chiqqan boʻlsa, 38-daqiqada Mexdi Taremi hisobni 0:2 koʻrinishiga olib keldi.

Ikkinchi boʻlim, terma jamoamizning bor eʼtibori hujumga qaratildi va 52-daqiqada Oston Oʻrunov hisobni qisqartirdi. Srechko Katanes 82 daqiqada Rustam Ashurmatov oʻrniga Igor Sergeyevni maydonga tushirdi. Bu oʻzgarish oʻz samarasini berdi va 83-daqiqada Igor gol urib hisobni tenglashtirdi. Oʻyin soʻnggiga qadar hisob saqlanib qoldi.

Darvoqe, uchrashuv davomida Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayevning oʻyini terma jamoamizni magʻlubiyatdan qutilishida katta ahamiyat kasb etdi.

Javohir Toshxoʻjayev, OʻzA