Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bugun “Bunyodkor” stadionida Eron termasiga qarshi “JCH-2026” va “Osiyo kubogi-2027” qo‘shma saralash bosqichi doirasida o‘zaro raqobatlashadi.
Ushbu o‘yin oldidan har ikki jamoa qarama-qarshiligi tarixiga nazar solsak. Mazkur uchrashuvga qadar ikki terma jamoa 12 bor o‘zaro to‘qnash kelgan. Afsuski, ushbu o‘yinlarning statiskasi raqiblar foydasida bo‘lib turibdi. Aniqrog‘i, vakillarimiz 12 ta o‘yinda bittadan g‘alaba va durang qayd etgan. Qolgan 10 ta uchrashuvda eronliklar g‘alaba qozongan.
Ammo bu uchrashuvlar tarixda qoldi. Hozir milliy terma jamoamizning o‘yin uslubi ancha o‘zgargan va futbolchilarimizning jismoniy holati bir maromda. Shuningdek, “E” guruhining 1-tur o‘yinida ular safarda Turkmaniston termasiga qarshi o‘yinda 1:3 hisobida g‘alaba qozonishni uddaladi. Eron esa o‘z maydonida kutilganidek Gongkongni ayab o‘tirmadi va 4:0 hisobida g‘alaba qozondi. Birinchi turdan so‘ng ikki favorit jamoa – O‘zbekiston va Eron 3 ochko to‘plagan holda yetakchilik qilmoqda.
Futbolda yengilmaydigan jamoaning o‘zi yo‘q, har qanday jamoa o‘rtasidagi o‘yin doimo 0:0 hisobida boshlanadi. Shunday ekan, bugungi uchrashuvda futbolchilarimiz yozilgan tarixni unutib, yangi g‘alabalar sari oldinga qarab borishlari zarur. Muhimi maydon tekis, to‘p esa dumaloq.
O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi 13 o‘yinni Birlashgan Arab Amirligidan kelgan hakamlar Muhammad Abdulla Hassan (Bosh hakam), Muhammad Al-Hammadi hamda Hasan Al-Mahri (qanot hakamlari) boshqarib boradi. Ularni esa Noboru Ishiyama (Yaponiya) nazorat qiladi. Hindistondan kelgan Suvrat Tatte o‘yin kommisari etib belgilandi.
Srechko Katanets boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi mazkur bahsda to‘liq ko‘k, darvozabon esa yashil libosda harakat qiladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA