Berlindagi Olimpiya stadionida “Yevro-2024” o‘yinlari uchun mo‘ljallangan futbol to‘pi taqdimoti o‘tkazildi. Rasmiy dizaynida “Adidas Connected Ball” texnologiyasi qo‘llangan ushbu to‘p nomi – “Fussballiebe” nemis tilida “futbolga muhabbat”ni anglatadi.

Taqdimotda UEFA texnik direktori Zvonimir Boban to‘pni tanlashda, bo‘lajak turnirni tashkil etishda talab qilinadigan sifat standarti muhimligini, “Fussballiebe” mukammallikka intilishda yangi qadam ekanini ta’kidladi.

Mazkur to‘p “Adidas”ning boshqa mahsulotlaridan ekologik toza materialdan tayyorlangani bilan ajralib turadi: har bir qatlam makkajo‘xori tolasi, shakarqamish, yog‘och xamiri va kauchuk, shuningdek qayta ishlangan polesterdan iborat.

Kompaniyaning mahsulot va dizayn bo‘yicha vitse-prezidenti Sem Xendi “Ushbu rasmiy to‘pni ishlab chiqishda Yevropaning futbolga muhabbatidan ilhomlandik”, dedi.

Eslatib o‘tamiz, “Yevro-2024” kelgusi yil 14 iyun-14 iyul kunlari Berlin, Kyoln, Dortmund, Dyusseldorf, Frankfurt, Gelzenkirxen, Gamburg, Leypsig, Myunxen va Shtutgart shaharlarida o‘tadi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA