Ertaga O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionati saralashi doirasida Eronga qarshi maydonga tushadi. Ushbu bellashuv oldidan vakillarimiz bosh murabbiyi Srechko Katanets va yarimhimoyachi Jaloliddin Masharipov matbuot anjumanida ishtirok etdi va jurnalistlar savollariga javob berishdi.

Srechka Katanets: – Barchaga xayrli kun! Alohida aytadigan gap yo‘q. Biz ertangi o‘yinga tayyormiz. Muhim uchrashuv ekanidan xabardormiz, hammasini yaxshi tushunib turibmiz. Nafaqat Eron, balki guruhdagi barcha bahslar katta ahamiyatga ega ekanini aytishimiz mumkin.

Jaloliddin Masharipov: – Ertaga muhim uchrashuv, alohida e’tirof shart emas, deb o‘ylayman. Eron bilan o‘yinlardagi to‘siqni yo‘qotadigan payt keldi. Guruhdagi eng qiziq bahs, shubhasiz. Shunday ekan biz kabi boshqalar ham bu to‘qnashuvni intiqlik bilan kutmoqda.

Srechka Katanets: – Futbol 0:0 hisobi bilan boshlanadi. Shu sabab, imkoniyatlarni teng deyish mumkin. Yigitlarga motivatsiya shart emas. Ular oldilarida qanday raqib turganini yaxshi anglab turishibdi.

Turkmanistonga qarshi ozroq muammolar bo‘ldi, tan olaman. Biroq bu bizga jiddiy ta’sir ko‘rsata olmaydi. Ertaga biz ajoyib muhitda va stadionda to‘p tepamiz. O‘ylaymanki, hammasi biz uchun ijobiy yakunlanadi.

O‘zbekiston – Eron bellashuvi “Bunyodkor” stadionida ertaga 18:00 da boshlanadi.

O‘zA