Kuni kecha futbol ixlosmandlari Jahon chempionati va Yevropa chempionati saralash uchrashuvlari va Indoneziyada o‘tayotgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionati guruh bosqichidagi bahslarga guvoh bo‘ldi. O‘zbek futbol muxlislari uchun eng qiziqarli va muhimi O‘zbekiston U-17 va milliy terma jamoamiz o‘yini bo‘lgani shubhasiz.

Avvalo, Indoneziyada o‘tayotgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatining guruh bosqichida ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi natijalariga e’tibor qaratamiz. Guruh bahslarining so‘nggi turida futbolchilarimiz Ispaniya termasi bilan 2:2 hisobida durang qayd etdi. Bu esa hamyurtlarimizning 4 ochko to‘plagan holda 3-o‘rindan joy olishiga sabab bo‘ldi. Shuni ta’kidlash lozimki, terma jamoamiz musobaqadagi eng yaxshi uchinchi pog‘onadan joy olgan jamoalar orasida kuchli to‘rtlikdan o‘rin egalladi va pley-off bosqichiga yo‘l oldi. Navbatdagi bosqichda futbolchilarimiz Angliya yoki Senegal termasi bilan o‘yin o‘tkazishi mumkin.

2026 yili AQSH, Meksika va Kanadada o‘tkaziladigan jahon chempionati uchun Osiyo qit’asidagi saralash bosqichining “E“ guruhidagi 1-tur o‘yinlari haqida ham to‘xtalib o‘tamiz. Unda O‘zbekiston terma jamoasi safarda Turkmanistonni 1:3 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, Eron o‘z maydonida Gongkongni 4:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Mazkur natijadan so‘ng Eron va O‘zbekiston 3 ochko to‘plagan holda birinchi va ikkinchi pog‘onadan joy oldi. Keyingi o‘rinlarni Turkmaniston va Gongkong termalari zabt etdi.

Shuningdek, saralash bahslarining kechagi uchrashuvlarida Qatar, Yaponiya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni, Avstraliya, Suriya, Hindiston, Ummon, Xitoy, BAA, Bahrayn va Malayziya terma jamoalari g‘alaba qozonib muhim 3 ochkoni qo‘lga kiritdi.

Endi 21 noyabr kuni saralashning ikkinchi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

Okean ortida KONMEBOL mintaqasi doirasida bo‘lib o‘tgan jahon chempionati saralash bahslarining 5-turi o‘z nihoyasiga yetdi.

Unda Kolumbiya o‘z maydonida Braziliyani 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Argentina ham muxlislari ko‘z oldida Urugvayga mag‘lub bo‘ldi. Shuningdek, Chili Paragvay bilan durang o‘ynagan bo‘lsa, Boliviya Peruni taslim qildi. Ushbu turdan keyin Argentina 1-o‘rinda qoldi. Urugvay ikkinchi, Kolumbiya uchinchi pog‘onaga ko‘tarilib oldi. Braziliya esa 5-o‘ringa tushib ketdi.

Ko‘xna qit’ada esa “Yevro-2024″ saralashidan o‘rin olgan bir qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Unda “A” guruhida Gruziya – Shotlandiya bilan 2:2 hisobida durangga imzo chekdi. Ispaniya esa Kiprni safarda 3:1 hisobida yengdi. “F“ guruhida Ozarbayjon Shvetsiyani 3:0 hisobida mag‘lub qilgan bo‘lsa, Avstriya 2:0 hisobi bilan Estoniyadan ustun keldi. ”J“ guruhida Lixtenshteyn o‘z maydonida Portugaliyaga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA