Olma-ota shahrida “Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishga ko‘maklashish” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

“Birgalikda suv muammolarini hal etish mumkin” shiori ostida bo‘lib o‘tgan  tadbirni Yevroosiyo taraqqiyot bankining boshqaruv raisi Nikolay Podguzov tabrik so‘zi bilan ochib berdi va ushbu davra suhbatidan ko‘zlangan  asosiy maqsad – suv va energetika tizimidagi  muammolarni hal  etishda mintaqa mamlakatlarining sa’y harakatini birlashtirish, bu masalaga xalqaro  tashkilotlarni jalb qilish hamda  amaliy hamkorlikni kengaytirishdan iborat ekanligini ta’kidladi.

Tadbirda shuningdek, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi, BMT ning  tabiiy ofatlar oqibatini  baholash va muvofiqlashtirish guruhi, BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Jahon banki, Islom taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro tuzilmalar vakillari ishtirok etdi.

Tadbir moderatori, Yevroosiyo taraqqiyot bankining Tarmoqli tahlil markazi rahbari Arman Axunbayev va unda chiqish qilganlar davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan investitsiya loyihalarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga  alohida to‘xtaldilar. Xususan, “Gerdane” va “Janubiy Qoraqalpog‘istonda suv resurslarini yaxshilash” loyihalari ko‘rib chiqildi.

Zamonaviy irrigatsiya tizimlari va raqamli texnologiyalar, xususan, yer uchastkalarini sug‘orishning turli usullari, lazerli rejalashtirishga oid  videorolik namoyish etildi.

Tadbirga onlayn-formatda qo‘shilgan Jahon bankining  Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova bank tomonidan Qoraqalpog‘iston va Farg‘ona vodiysida suv resurslarini boshqarish tizimini modernizatsiya qilishga oid loyihalarni moliyalashtirilishi haqida so‘zlab berdi va CAWEP-4 dasturini ishlab chiqilganini ma’lum qildi. YeI, Shveysariya, Buyuk Britaniya hamda USAID bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan dastur suv va energetika masalalari,  iqlim o‘zgarishi va nexus-yondoshuvlarni qamrab oladi. Tatyana Proskuryakova shuningdek, ishtirokchilarni mintaqaviy muloqotni  yanada mustahkamlashga va tadqiqotchilik ishlarini muvofiqlashtirishga chaqirdi.

Osiyo taraqqiyot banki vakili O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Gruziya va Tojikistonda qiymati 610 million dollar bo‘lgan 12 ta loyiha amalga oshirilayotgani haqida ma’lumot berdi.

Shuningdek, CAREC kooperatsion dasturi va «CAREC-2030» strategiyasi namoyish etildi.

N.Podguzov davra suhbati yakunlarini sarhisob qilib, muhokama qilingan masalalar ijrosini tahlil qilish, erishilgan natijalarni ko‘rib chiqish maqsadida bu kabi tadbirlarni muntazam o‘tkazishni taklif qildi.

A.Mashrabxanov, O‘zA

Olma-ota, Qozog‘iston