Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi yirik savdo tarmoqlarida oziq-ovqat mahsulotlari (un, yog‘, go‘sht, sut, shakar va b.q.) mahalliy ishlab chiqaruvchilariga teng raqobat sharoitini yaratish va ular o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida o‘rganishlar o‘tkazmoqda.

Shu munosabat bilan yirik savdo tarmoqlarida mahsulotni yetkazib beruvchi yoki yetkazib berish taklifi rad etilgan, jumladan quyidagi holatlarga duch kelgan tadbirkorlik sub’ektlari (mahalliy ishlab chiqaruvchilar)ni ushbu o‘rganishlarda faol ishtirok etishga taklif etadi.

Xususan, yirik savdo tarmoqlari tomonidan:

– xizmat ko‘rsatish imkoniyati bo‘la turib asossiz ravishda shartnoma tuzishni rad etish;

– yirik savdo tarmoqlari tomonidan yetkazib beruvchilarning tovarlariga narxni belgilashga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish;

– boshqa yirik savdo tarmoqlari bilan shartnoma tuzmaslik shartini belgilash yoki ushbu shart bilan shartnoma tuzishga rozilik berish;

– yetkazib beruvchilarga shartnoma tuzishda asossiz talablar belilash, shu jumladan tovarni sotib berganlik uchun mukofot puli (retro bonus) yoki uni savdo rastasining iste’molchilarga yaqqol ko‘rinadigan joylarda joylashtirish uchun qo‘shimcha to‘lov to‘lash shartini majburan qabul qildirish;

– tovarni realizatsiya qilishda yoki olishda kamsituvchi shart-sharoitlarni belgilash, shu jumladan bir xil tovar uchun to‘lov muddatlarini har xil belgilash;

– mahsulotlar uchun to‘lovni amalga oshirish muddatlariga rioya etmaslik;

– mahalliy va import tovarlarga nisbatan teng bo‘lmagan sharoitlar yaratilgani va shu kabi boshqa holatlar bozorda teng raqobat ta’minlanishi bilan bog‘liq muammolar mavjud bo‘lsa endilikda Raqobat qo‘mitasining so‘rovnomalarida o‘z taklif va murojaatlari bilan qatnashib borishlari mumkin.

Qo‘mita tomonidan ishchi guruh tuzilgan va bu borada kompleks o‘rganishlar olib borilib, tadbirkor (mahalliy ishlab chiqaruvchi)lardan taklif va shikoyatlarni qabul qilish tizimi ishlamoqda.

Shuningdek, so‘rovnomada (https://raqobat.gov.uz/ishchi-…) taklif va murojaatlarni Qo‘mita veb-sayti va yagona 1159 ishonch raqami orqali qoldirish imkoniyati mavjud.

O‘zA