Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

— Ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan mutlaq vakolatlari hamda parlament nazoratini amalga oshirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, qonunchilik takliflarini ilgari surish va qonunlarni qabul qilishning yangi tartibini amaldagi qonunchilikda belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda,  — dedi ma’ruzachi deputat Sherbek Bo‘ronov. — Xususan, 100 ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolar, Senat, Ombudsman va Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli ekanligi mustahkamlanmoqda. Ushbu belgilanayotgan normalar davlat ishlarini boshqarishda fuqarolarning ishtirokini yanada kengaytiradi. Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan Qonunchilik palatasidagi fraksiya rahbarining vakolatlari alohida moddada aniq belgilanmoqda. Parlament tekshiruvini Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari orasidan tenglik asosida tuziladigan birgalikdagi maxsus komissiya tomonidan o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda. Qonunchilik palatasi qo‘mitalariga Hukumat a’zolarining hisobotlari va davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitish tashabbusi bilan chiqish huquqi berilmoqda.

Ma’lumki, qonun loyihasini yanada takomiliga yetkazish maqsadida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi. Mazkur jarayonda 400 ga yaqin taklif-mulohazalar kelib tushdi va ular chuqur tahlil qilindi. Shuningdek, ilmiy xodimlar va ekspertlar ishtirokidagi muhokamalarda bildirilgan takliflar qonun loyihasida o‘z aksini topdi, ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida 40 dan ortiq moddalarga tahririy tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritildi.

Qonun loyihasini moddama-modda muhokama qilish davomida deputatlar tomonidan qator savol va takliflar bildirildi. Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Muhtarama Komilova,

Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA