Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida sog‘liqni saqlash vazirining axboroti eshituvida deputat Doniyor G‘aniyev “Dok-1 Maks” masalasida vazirga yuzlandi.

Deputat “Dok-1 Maks” tufayli vafot etgan 65 nafar boladan keyin vazirlik yetarli xulosani chiqardimi-yo‘qmi, mas’uliyat nuqtai nazardan tegishli yuqori mansabdorlar hamon siyosiy javobgarlikka tortilmayotgani, bu kabi qo‘pol xatolik yana qayta sodir bo‘lmasligi uchun vazirlik va’da bera oladimi yoki bunday holatlar davom etaveradimi, deya dolzarb masalani o‘rtaga tashladi.

Bunga javoban sog‘liqni saqlash vaziri quyidagilarni gapirdi:

–Bu voqeadan qattiq xulosa qilganmiz. O‘sha paytda vazirning birinchi o‘rinbosari sifatida men ham bu haqda kech bilganman va bu mening ham xatoim. Shifokorlarimiz aynan shu preparatdan zaharlanish ekanligini bilishmagan.

Shuni aytish kerakki, yanvarning birinchi 10 kunida 17 ming hamshiramiz uyma-uy yurib, bu turdagi preparatlarni yig‘ib oldi. Prezidentimiz topshirig‘i bilan organ xodimlari 18 mingga yaqin dorixonadan bu preparatlarni yig‘ishtirib oldi.

Bundan tashqari, hududlardan 100 ga yaqin bolalar Bolalar milliy tibbiyot markazi va Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markaziga olib kelinib, ularning hayoti saqlab qolindi.

Barcha mas’ullar qonun oldida javob beradi, albatta. Bu kabi holatlarga yo‘l qo‘yishga haqqimiz yo‘q. Bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun tizimli ishlarni boshlaganmiz. Tizimdagi xodimlar bilan birgalikda mas’uliyatni o‘z bo‘ynimizga olib, bu kabi holatlar takrorlanmasligi uchun tizimli ishlarni amalga oshiramiz, – dedi.

M.Komilova, O‘zA